Ukrainadagi urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgan – Zalujniy
Olam
−
02 noyabr 2023
11656Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy mamlakatdagi mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytdi. Bu haqda u Britaniyaning “The Economist” jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Birinchi jahon urushidagi kabi, biz ham o‘zimizni boshi berk ko‘chaga solib qo‘yadigan texnologik rivojlanish darajasiga yetdik. Katta ehtimol bilan, chuqur va chiroyli yutuq bo‘lmaydi", deydi Zalujniy.
Shuningdek, u bir muncha vaqt Ukraina qurolli kuchlarining jangovar zonadagi muvaffaqiyatsizliklari sabablarini tushuna olmaganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha prognozlarga ko‘ra, Ukraina askarlari "Qrimga yetib borishi, Qrimda jang qilishi va Qrimdan qaytishi" atigi to‘rt oy ichida bo‘lishi kerak edi.
Zalujniyga ko‘ra, uning Rossiya qo‘shinlaridagi ko‘p sonli qurbonlar orqali urushni to‘xtatish mumkin degan taxmini puchga chiqqan.
“Bu mening xatoyim edi. Rossiyada kamida 150 ming kishi halok bo‘ldi. Boshqa har qanday davlatda bunday qurbonlar urushni to‘xtatgan bo‘lar edi. Ammo inson hayoti juda arzon va Janob Putin Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarida bo‘lganidek o‘n millionlab odamlarini yo‘qotishga ham rozi”, deydi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni.
Zalujniy faqat keskin texnologik sakrash frontdagi vaziyatni Kiyev foydasiga o‘zgartirishga yordam berishiga ishonch bildirgan.
“Faqatgina Xitoy poroxi bilan taqqoslanadigan ixtiro Ukraina qo‘shinlarining boshi berk ko‘chadan chiqishiga imkon beradi”, deya xulosa qilgan harbiy rahbar.
Ma’lumot uchun, qarshi hujumdan besh oy o‘tgach, Ukraina bor-yo‘g‘i 17 kilometr oldinga siljishga muvaffaq bo‘lgan.
LiveBarchasi