Ukrainadagi keskinlik tufayli Yaponiyada neft narxi oshib ketdi
Olam
−
14 fevral 2022
6866Yaponiyada bugun, 14 fevral kuni neft narxi Ukraina atrofida keskinlik kuchayishi fonida 2014 yil oktyabr oyi oxiridan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Tokio tovar birjasidagi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, u bir kilolitr uchun 63 ming iyena (deyarli 546 dollar) ga yaqinlashgan.
Narxlarning oshishi agar AQSH va boshqa G‘arb davlatlari Moskvaga nisbatan qattiq iqtisodiy sanksiyalar joriy qilsa, Rossiyadan neft eksporti qisqarishi mumkin bo‘lgan qo‘rquv bilan bog‘liq.
Neft narxining oshishi allaqachon Yaponiyada benzin va dizel yoqilg‘isi narxining tez o‘sishiga olib kelgan. Shu munosabat bilan mamlakat hukumati ulgurji sotuvchilar uchun dotatsiyalar tizimini joriy etishga majbur bo‘lib, ularni narxlarni oshirishni cheklashga undagan.
Shuningdek, Yevropada gaz narxi bugun, 14 fevral kuni savdolar ochilishida Ukraina atrofida kuchayib borayotgan taranglik fonida yanvar oyi oxiridan beri birinchi marta 1000 kub metr uchun 1000 dollardan oshgan. Gaz narxining umumiy o‘sishi taxminan 13,7 foizni tashkil qiladi.
Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.
LiveBarchasi