Ukrainada urush qurbonlari 4 mingga yaqinlashdi – BMT

Olam

image

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining kecha, 19 may kuni e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, joriy yilning 24 fevralidan beri Rossiya harbiylarining Ukraina bostirib kirishi oqibatida 3811 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 4278 nafari yaralangan.

O‘lganlar soni orasida – 1429 nafar erkak, 937 nafar ayol, 87 nafar qiz, 98 nafar o‘g‘il bolalar. Qurbonlar orasidan 70 bola va 1190 kattalarning jinsi aniqlanmagan. Yaradorlar orasida 774 erkak, 528 ayol, 103 qiz, 115 o‘g‘il bola bor. Shu bilan birga 164 bola va 2594 voyaga yetganlarning jinsi hali noma’lum.

“Donetsk va Lugansk viloyatlarida jabrlanganlar soni 4422 nafarga yetgan (2099 nafari o‘ldirilgan va 2323 nafari yaralangan). Hukumat nazorati ostida bo‘lgan hududlarda jabrlangan soni 3794 nafardir (1973 halok bo‘lgan va 1821 yaralangan). Rossiya Qurolli Kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan hududda 628 nafar jabrlanuvchi bor (126 nafari o‘ldirilgan va 502 nafari yaralangan)”, deyiladi hisobotda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’kidlashicha, o‘lim va jarohatlar asosan katta maydonga ta’sir qiluvchi qirg‘in qurollaridan foydalanish, shu jumladan, og‘ir artilleriya va ko‘plab raketa hujumlari hamda havo zarbalari bilan bog‘liq.  BMT halok bo‘lgan va qurbonlarning haqiqiy soni ancha yuqori deb hisoblayapti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

10

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing