Ukrainada qancha bola urush qurboni bo‘ldi? 

Olam

image

Ukrainada urush boshlanganidan buyon 153 nafar bola halok bo‘ldi, 245 nafardan ortig‘i jarohat olgan. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi. 

“Rossiya Federatsiyasining qurolli agressiyasi boshlanganidan beri Ukrainada deyarli 400 nafar bola jabr ko‘rdi. Ulardan 153 nafari halok bo‘lgan, 245 nafardan ortig‘i esa yaralangan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Kiyev viloyatida – 73, Donetsk viloyatida – 65, Xarkov viloyatida – 53, Chernigov viloyatida – 43, Nikolayev viloyatida – 30, Lugansk viloyatida – 31, Zaporoje viloyatida – 22, Xerson viloyatida – 29, Kiyev shahrida – 16, Sumi viloyatida – 16, Jitomir viloyatida – 15 nafar bola jabrlangan.

“Mariupolda hamda Kiyev, Chernigov va Lugansk viloyatlarining ayrim hududlarida halok bo‘lgan va yaralangan bolalar haqida ma’lumotlar aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Prokuraturaga ko‘ra, bomba va o‘q otilishi oqibatida 859 ta ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan, ulardan 83 tasi butunlay vayron bo‘lgan. Eng ko‘p Donetsk, Xarkov, Nikolayev, Sumi, Kiyev, Xerson, Jitomir, Chernigov viloyatlari va Kiyev shahri zararlangan.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 mart kuni rossiyalik harbiylar Donetsk va Lugansk viloyatlarining vaqtincha bosib olingan hududlarida bo‘lgan 2389 nafar bolani noqonuniy ravishda Rossiyaga olib ketgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

7

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing