Ukrainada “Bobil” laqabli sobiq general Rossiya foydasiga josuslik qilgani uchun 12 yilga qamaldi
Olam
−
15 avgust 2023
4602Kiyevning Shevchenkovskiy tuman sudi Ukraina Xavfsizlik xizmati sobiq xodimi general-mayor Valeriy Shaytanovni 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Xavfsizlik xizmati va mamlakat Bosh prokuraturasi matbuot xizmatlari ma’lum qildi.
Ilgari “A” maxsus operatsiyalar markazini boshqargan Shaytanov davlatga xiyonat qilish, terroristik harakatga urinish, shuningdek, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar yoki portlovchi moddalar bilan noqonuniy muomalada bo‘lishda aybdor deb topilgan. Sud qamoq muddatidan tashqari uning mol-mulkini musodara qilishni ham belgilagan.
Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, Shaytanov “Bobil” taxallusi ostida Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati polkovnigi Igor Yegorov bilan yashirin aloqada bo‘lgan.
“Yegorov “Elbrus” nomi ostida esa 2014 yilning yozida Donbassda terroristik harakatlarni bosib olish va joylashtirish tashkilotchilaridan biri bo‘lgan”, deyiladi Xavfsizlik xizmati xabarida.
Shuningdek, tergovchilar Shaytanov terrorga qarshi operatsiyada ishtirok etgan xodimlar, Xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari va kontrrazvedka xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plagan va Rossiya tomoniga topshirganini aniqlagan.
“Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi bilan mahkum Xavfsizlik xizmati sobiq harbiylari orasidan terrorchilik harakatini sodir etish uchun shaxslarni qidirgan. Uning maqsadi 2015 yil fevralidan beri Ukraina sharqidagi urush paytida Joxar Dudayev nomidagi xalqaro tinchlikparvar batalonga rahbarlik qilgan Checheniston Qurolli kuchlari mayorini o‘ldirish edi”, deyiladi Ukraina Bosh prokuraturasi bayonotida.
Shaytanov 2020 yil aprel oyida Xavfsizlik xizmati kontrrazvedkasi tomonidan o‘tkazilgan ko‘p bosqichli maxsus operatsiya natijasida qo‘lga olingan.
LiveBarchasi