Ukraina “Yandeks”ning “temir yuragi”ga zarba berdi (video)

Olam

−

image

Rossiyaning Vladimir shahrida Ukraina droni hujumi oqibatida “Yandeks” kompaniyasining ma’lumotlar markazi faoliyati to‘liq to‘xtadi. Hodisa oqibatida kompaniyaning ayrim xizmatlari ishlamay qoldi, elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan ikkita podstansiya ham uzildi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Yandex Cloud Alerts ma’lumotiga ko‘ra, dronlar hujumi oqibatida ma’lumotlar markazi infratuzilmasiga zarar yetgan. Hozirda tegishli xizmatlar hodisa oqibatlarini bartaraf etmoqda. Hujum oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Kompaniya resurslarning qolgan qismi ham beqaror ishlashi mumkinligidan ogohlantirib, foydalanuvchilarga favqulodda tiklashning muqobil rejalaridan foydalanishni tavsiya qilgan. Shuningdek, texnik yordam bilan aloqa kanallari ham beqaror ishlashi mumkinligi bildirilgan. Kompaniya yetkazilgan zararni va faoliyatni qayta tiklash imkoniyatlarini baholamoqda.

“Yandeks” matbuot xizmati hujum oqibatida kompaniyaning ayrim xizmatlari ishlamay qolganini ma’lum qilgan. Monitoring xizmatlari “Yandeks Go”, “Yandeks Pay”, “Yandeks Musiqa”, “Kinopoisk” va “Alisa bilan uy” xizmatlari faoliyatida uzilishlar kuzatilgani haqida foydalanuvchilardan shikoyatlar kelib tushganini qayd etgan.

Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyevning bildirishicha, mintaqadagi infratuzilmaga qilingan hujum oqibatida yong‘in chiqqan. Elektr energiyasi bilan 5 ming nafar aholini ta’minlaydigan ikkita podstansiya faoliyati to‘xtagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, turar joy binolari vayron bo‘lmagan va jabrlanganlar yo‘q.

Bu “Yandeks”ning so‘nggi kunlarda Ukraina dronlari hujumiga uchragan uchinchi ma’lumotlar markazi bo‘ldi. Joriy yilning 7 oktyabrdan 8 oktyabrga o‘tar kechasi Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi ma’lumotlar markazida dron hujumidan keyin yong‘in chiqqan va ob’ekt faoliyati to‘liq to‘xtagan edi. 9 oktyabr kuni esa Kaluga shahridagi ma’lumotlar markaziga hujum qilingan. “Yandeks” ma’lumotiga ko‘ra, u yerdagi bir nechta modul butunlay ishdan chiqqan.

Kompaniya ma’lumotlar markazlarini o‘zining “temir yuragi” deb atab, ularning uzluksiz ishlashi kundalik xizmatlar va mijozlar biznesi uchun muhim ekanini ta’kidlagan. Hozircha uskunalar faoliyatini qachon tiklash mumkinligi noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Ukraina janubi-sharqidagi Zaporoje shahriga beshta boshqariladigan aviabomba tashlagandi. Oqibatda 12 kishi, jumladan, 3 nafar bola halok bo‘lib, yana 14 kishi yaralgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing