Ukraina “Yandeks”ning ma’lumotlar markaziga zarba berdi (video)
Olam
−
12:02 744 2 daqiqa
Ukraina Rossiyaning Ryazan viloyatidagi “Yandeks” kompaniyasiga tegishli ma’lumotlar markaziga dronlar bilan zarba berdi. Hujum oqibatida yong‘in chiqib, markaz faoliyati to‘liq to‘xtatildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi “Sasta” uskunasozlik zavodi hududida yong‘in yuzaga kelgan. Zavod hududida “Yandeks”ning ma’lumotlar markazlaridan biri joylashgan. Nashr guvohlar olgan foto va videolarni tahlil qilib, yong‘in aynan shu hududda chiqqanini aniqlagan.
Ukrainaning monitoring Telegram-kanallari yong‘in Ukraina dronlari hujumidan keyin boshlanganini da’vo qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa bugun, 8 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina dronlari urib tushirilgan hududlar qatorida Ryazan viloyatini ham qayd etgan.
“Yandeks” kompaniyasi ham Sasovodagi ma’lumotlar markaziga Ukraina dronlari hujum qilganini tasdiqlagan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida infratuzilmaning bir qismi zarar ko‘rgan, yong‘in chiqqan va markaz faoliyati to‘liq to‘xtatilgan.
“Hozirda hududdagi vaziyat nazorat ostida, jabrlanganlar yo‘q. Jamoa hodisa oqibatlarini bartaraf etish va zarar ko‘rgan xizmatlar faoliyatini tiklash ustida ishlamoqda”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Hujumdan so‘ng Rossiyaning ayrim saytlari ham ishlamay qolgan. “Dojd” nashrining yozishicha, ular orasida avtomatik post joylashtirish platformasi “Postmypost” hamda “Komsomolskaya pravda” nashrining Ryazan viloyatidagi mintaqaviy sayti bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Yandeks”ning Sasovodagi ma’lumotlar markazi 2014 yilda ishga tushirilgan. U “Sasta” zavodining avvalgi binolarining bir qismida joylashgan. Mazkur korxona quvur kesish stanoklarini ishlab chiqaradi va mahsulotlarini Rossiyadagi mashinasozlik korxonalariga hamda xorijga yetkazib beradi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainada Rossiyaning ommaviy raketa va dron hujumlari oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lib, yana 100 ga yaqin odam jarohatlandi.
Live
Barchasi