Isroilning ayyorligi, aldangan Turkiya, boshi qotgan Zelenskiy va uchayotgan Tesla
Tahlil
−
18:58 1077 15 daqiqa
Bir paytlar Rossiyani sanksiyalar bilan tiz cho‘ktirmoqchi bo‘lgan Vashington ham bugun Moskva bilan yonilg‘i savdosini yo‘lga qo‘ymoqda. Ukrainaga bostirib kirgan Kremlga qarshi iqtisodiy bosim yumshatilishi evaziga amerikaliklarga arzonroq dizel va’da qilinmoqda. Tabiiyki, bu Zelenskiyga ham, Yevropaga ham yoqmadi. Xo‘sh, allaqachon “mog‘orlay boshlagan” Ukrainadagi urushda nima yangiliklar?
Yandeks ham navbatdagi nishonga aylandi. Kiyevning dron hujumlari Rossiya Google’ini falajlab qo‘ydi. Nafaqat Rossiya, balki deyarli butun MDH davlatlari aholisining kundalik hayotiga jiddiy zarba bo‘ldi.
Turkiyada ham odamlar ishga yoki o‘qishga borolmay qoldi. Bunga esa o‘tgan 80 yil mobaynidagi eng kuchli yog‘ingarchilik sabab. Ijtimoiy hayot ham, iqtisodiyot ham izdan chiqqan.
Isroil Prezidenti Turkiya uzra “yashirin” parvozni amalga oshirdi. Ozarbayjonda o‘tkazilgan sammitga yahudiylar delegatsiyasi oddiy yo‘lovchi tashuvchi samolyotda bordi. Isroil uchun havo hududlari yopiq bo‘lgan Turkiyaning bunga munosabati qanday? Bokuchi?
Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim tafsilotlar bilan Qalampir.uz’ning bu galgi hafta dayjestida tanishasiz.
“Sakrovchi” avtomobil
Kelajak allaqachon shu yerda. Hafta so‘ngiga kelib ijtimoiy tarmoqlarda tom ma’noda salto otadigan avtomobilning videolari virus kabi tarqalmoqda. Gap shundaki, Toshkent vaqti bilan 16 oktyabr kuni Ilon Maskning Tesla kompaniyasi SpaceX texnologiyalari bilan jihozlangan yangi avlod Roadster elektrosportkarini namoyish etdi. AQSHning Texas shtatidagi Makgregor shahrida bo‘lib o‘tgan taqdimotda namoyish etilgan avtomobilning imkoniyatlari internetda virusdek tarqalmoqda.
Yangi Roadster’ning eng noodatiy jihati – uning SpaceX texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan siqilgan gazli tezlatkichlari va kuzov ostidagi maxsus ventilyatorlar tizimidir. Taqdimot davomida avtomobil maxsus yo‘lakdan harakatlanib, yuqoriga ko‘tarilgan. Avtomobil deyarli 180 gradusga aylangach, maxsus gaz puflovchi qismlar ishga tushgan va salto olib, yerga g‘ildiraklari bilan tushgan.
Bundan tashqari, shou davomida Roadster to‘g‘ridan to‘g‘ri ketma-ket tizib qo‘yilgan beshta avtomobil tomon harakatlanadi. Yaqinlashib qolgan lahzada u kuzov ostida joylashgan purkagichlar orqali siqilgan gazni chiqaradi, buning evaziga havoga ko‘tarilib, to‘siqlar ustidan atletlar kabi sakrab o‘tadi. Ma’lum qilinishicha, tryuklarni bajarish vaqtida avtomobil ichida haydovchi bo‘lmagan. X tarmog‘ida esa kompaniya egasi Ilon Mask avtomobilning taqdimotidan parcha qo‘yib, “Aftidan, kelajakda uchar avtomobillar bo‘ladi”, deb hazilomuz post joylagan.
Tesla ma’lumotiga ko‘ra, Roadster soatiga 0 dan 96,6 kilometr tezlikka bir soniyadan kamroq vaqt ichida chiqa oladi. Maskning o‘zi esa avtomobilning seriyali versiyasi bundan ham tezroq bo‘lishi mumkinligini aytgan. Ishlab chiqarishni boshlash 2028 yilga rejalashtirilgan. Shu bilan birga, tadbirkor Roadster’dan foydalanishga hamma mamlakatlarda ham jamoat yo‘llarida ruxsat berilmasligi mumkinligini bildirgan. TechCrunch xabariga ko‘ra, namoyish etilgan tizim 10 ta gazli tezlatkich va 600 litr siqilgan havo zaxirasidan foydalanadi.
Loyiha avtomobilsozlik uchun inqilobiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni namoyish etgan bo‘lsa-da, Roadster’ning ommaviy ishlab chiqarilishigacha hali ancha vaqt bor. Tesla ishlab chiqarishni 2028 yilda boshlashni rejalashtirmoqda. Kompaniya avtomobilning yakuniy sotuv narxini e’lon qilmagan, biroq buyurtmalar uchun bron to‘lovlari ko‘rsatilgan: Performance versiyasi uchun 50 ming, Thrust versiyasi uchun esa 250 ming dollar. Rocket deb nomlangan maxsus versiya faqat taklif asosida taqdim etilishi aytilgan.
Yandeksga hujum
Avval harbiy bazalarga, keyin energetik infratuzilmalarga, undan keyin Wildberries yoki Ozon kabi tijorat ob’ektlariga va ana endi esa navbat “Rossiyaning Google”iga keldi. Ukrainaning Rossiya ichidagi infratuzilmaga qarshi hujumlari yangi bosqichga chiqdi. 2026 yil 8–11 oktyabr kunlari Ukraina dronlari Rossiyaning Ryazan, Kaluga va Vladimir hududlaridagi Yandeks ma’lumotlar markazlariga ketma-ket zarbalar berdi. Natijada uchta markazning faoliyati izdan chiqdi, kompaniyaning bir qator xizmatlarida uzilishlar kuzatildi. Hujumlarning oqibatlari nafaqat Rossiyaga, balki butun Yandeks tizimi kirib borgan davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga ham yetib keldi.
Dastlabki hujum 7 oktyabrdan 8 oktyabrga o‘tar kechasi Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi ma’lumotlar markaziga amalga oshirildi. Zarba oqibatida yong‘in chiqib, ob’ekt faoliyati to‘liq to‘xtadi. Bu markazda Yandeksning YandexGPT sun’iy intellekt modelini o‘qitishda foydalaniladigan uchta superkompyuteridan ikkitasi joylashgani xabar qilingan.
Navbatdagi dron zarbalari 9 oktyabr kuni sodir bo‘ldi. Shu kuni kompaniyaning eng kuchli data-markazi — Kaluga shahridagi bo‘limga hujum qilingan. Maydoni qariyb 130 ming kvadrat metr bo‘lgan ushbu majmuaning bir nechta moduli butunlay ishdan chiqdi.
11 oktyabrda esa Vladimir shahridagi uchinchi markaz ham dronlar zarbasiga uchrab, faoliyatini to‘liq to‘xtatgan. Shu bilan birga, hududdagi infratuzilmaga yetgan zarar elektr energiyasi bilan 5 mingga yaqin aholini ta’minlaydigan ikkita podstansiya faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Yandeksning uchta ma’lumotlar markazi to‘rt kun ichida ishdan chiqdi yoki qisman faoliyatini yo‘qotdi.
“Yandeks” matbuot xizmati hujum oqibatida kompaniyaning ayrim xizmatlari ishlamay qolganini ma’lum qilgan. Monitoring xizmatlariga “Yandeks Go”, “Yandeks Pay”, “Yandeks Muzika”, “Kinopoisk” va “Alisa bilan uy” xizmatlari faoliyatida uzilishlar kuzatilgani haqida foydalanuvchilardan shikoyatlar kelib tushgani qayd etilgan.
Muammolar ko‘lami shu qadar kengayib ketdiki, tarmoqdagi uzilishlar Serbiya, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va hatto O‘zbekistonda ham taksi xizmatlari, ovqat buyurtma qilish va onlayn xarid qilishda qator nosozliklarni keltirib chiqardi. Bu esa restoranlar, kurerlar, taksi xizmatlari va boshqa bizneslar uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqardi.
Kompaniya tez orada tizimlar qayta ishga tushirilganini, ko‘plab muammolar bartaraf etilganini, boshqalari uchun esa texnik qurilmalar import qilinayotganini ma’lum qildi. Ammo mutaxassislar fikricha, Rossiya bilan savdo qilishga qo‘yilgan cheklovlar tufayli tarmoqning o‘zini qayta tiklashi qiyin kechadi. Sanksiyalardan qo‘rqmaydigan ta’minotchilarni topish oson emasligi aytilmoqda. IT mutaxassisi Mixail Klimarevning “Reuters” agentligiga bergan intervyusiga ko‘ra, zarar ko‘rgan chiplarni almashtirish uzoq vaqt talab qilishi mumkin.
“Uskunalar import qilinmoqda, ammo bu bilvosita yo‘llar orqali yuqori narxda amalga oshiriladi. Birinchidan, kimdir uni sizga sotishga tayyor bo‘lishi va sanksiyalardan qo‘rqmasligi uchun muzokara olib borishingiz kerak”, dedi u.
Xo‘sh, Ukraina bu hujumlar orqali nimaga erishmoqchi? BBC xabariga ko‘ra, Kiyev mazkur zarbalarni Rossiyaning Ukraina hududidagi internet va ma’lumotlar infratuzilmasiga qarshi hujumlariga javob sifatida ko‘rmoqda. Ukraina tomonining hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiyaning yirik texnologik infratuzilmasiga zarar yetkazish Moskvaning resurslarini xizmatlarni tiklash va yo‘qotishlarni qoplashga yo‘naltirishga majbur qilishi mumkin.
Hujumlarning aniq iqtisodiy qiymati ham hozircha ma’lum emas. Shunga qaramay, oqibatlar jiddiy: Yandex Cloud bulutli platformasi favqulodda ish rejimiga o‘tkazilgan, ayrim xizmatlarda uzilishlar kuzatilmoqda. NetBlocks monitoring tashkiloti 11 oktyabrda Yandex Cloud tarmog‘ining ulanish darajasi odatdagi ko‘rsatkichning atigi 30 foiziga tushganini qayd etgan.
Hujumlar ta’sirini O‘zbekiston foydalanuvchilari ham his qildi. 11 oktyabr kuni ertalab Yandex Go ilovasida nosozliklar kuzatilgan: foydalanuvchilar taksi chaqirish, yo‘l haqini ko‘rish va avtobuslar harakatini kuzatishda muammolarga duch kelgan. Ayrim haydovchilar Yandex Pro ilovasini ocholmagan, kurerlar ham uzilishlar haqida xabar bergan. Detector404 monitoring xizmati Yandex Go tarmog‘idagi nosozliklar soat 6:00 atrofida boshlanganini, taxminan 7:00 ga kelib esa nosozlik ko‘rsatkichi 100 foizga yetganini qayd etgan.
Yandex Uzbekistan kompaniyasi mahalliy xizmatlardagi muammolarni Rossiyaning Vladimir shahridagi ma’lumotlar markazi faoliyati to‘xtashi bilan bog‘liqligini tan oldi. Kompaniya tushuntirishicha, Yandeks kabi murakkab xizmatlar taqsimlangan hisoblash infratuzilmasidan foydalanadi, ya’ni vazifalarning turli qismlari turli mamlakatlardagi serverlarda bajariladi. Bir hududdagi uzilish boshqa davlatlardagi ayrim funksiyalarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
14 oktyabrga kelib, O‘zbekistonda Yandex Go va boshqa xizmatlar bosqichma-bosqich tiklanayotgani bildirildi. Biroq ayrim to‘lovlarda xatolik va kechikishlar saqlanib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Ukrainani “bo‘g‘ishmoqda”
Kutilmagan kelishuv: Vashington Moskva bilan dizel yoqilg‘isi savdosi bo‘yicha kelishuv e’lon qildi, Donald Tramp Vladimir Zelenskiyni prezidentlikdan ketishga undadi, Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetik sulh e’lon qilingan bo‘lsa-da, zarbalar davom etdi, Starlink bilan muammolar ham Kiyevga bosim o‘tkazmoqda. Voqealar rivojidan boshingiz aylanib qolmagan bo‘lsa, o‘tgan bir hafta davomida Tramp qanday qilib “tinchlikni ta’minlamoqchi” ekanligi-yu, Putin nega muddatidan oldin g‘alabasini nishonlamoqchiligi va ikki o‘t orasida qolgan Zelenskiy haqida gaplashamiz.
Hammasi joriy yilning 10 oktyabr kuni Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatidan ortda e’lon qilgan dizel kelishuvidan boshlandi. AQSH rahbarining aytishicha, Rossiya Amerika va jahon bozorlariga dastlab 300 ming tonnadan ortiq dizel yoqilg‘isi yetkazib berishga tayyor. Noyabr oyida yana 500 ming tonna, undan keyin esa 1 million tonna salyarka eksport qilinishi rejalashtirilgan. Keyingi yetkazib berish hajmi Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlarining holatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, AQSH Moliya vazirligi Rossiya dizelini olib kirishga doir cheklovlarni vaqtincha yumshatib, tegishli operatsiyalarga 2027 yil 7 aprelgacha ruxsat berdi. Kelishuvning ortida AQSHdagi yoqilg‘i narxlarini pasaytirish, ayniqsa, 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan Kongress saylovlari oldidan iqtisodiy bosimni yumshatish maqsadi turgani aytilmoqda.
Kiyev esa tabiiyki, bu kelishuvni tinchlikka xizmat qiladigan qadam emas, balki Moskva uchun iqtisodiy imkoniyat deb baholadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni «zaiflik belgisi» deb atab, neft mahsulotlari savdosidan tushadigan daromad urushni davom ettirishga sarflanishi mumkinligini ta’kidladi.
“Rossiya bilan keskinlikni ochiq va doimiy ravishda kamaytirishni nazarda tutuvchi kelishuvsiz unga qarshi sanksiyalarni yumshatish ochiq zaiflik belgisidir. Bu Rossiyaga foyda keltiradi: unga ko‘proq odamlarni o‘ldirish, urushni uzoqroq davom ettirish, Amerikani yanada kamroq hurmat qilish hamda dunyoga ko‘proq talafot va zarar yetkazish imkonini beradi”, degan u.
Tramp esa bunga qarama-qarshi pozitsiyada ekanligi ko‘rinib turibdi. U Zelenskiyni Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish orqali jahon bozoridagi yoqilg‘i ta’minotiga xalaqit berayotganlikda aybladi. Amerikalik oddiy fermerning salyarkani qimmatga olishiga aynan Kiyev rahbari sabab bo‘layotgani, sulh tuzishga imkoniyat ko‘p bo‘lsa-da, aynan Zelenskiy buni rad etayotganini aytib, Ukraina rahbarini keskin tanqid qildi.
Shuningdek, AQSH rahbari 10 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Ukraina uchun yangi prezident saylash vaqti kelganini aytdi. Bu bayonot Vashington va Kiyev o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirdi.
“Menimcha, Ukraina uchun yangi Prezident saylash vaqti keldi… Menimcha, ular kelishuvga erisha oladigan yangi rahbar saylashlari kerak. Chunki u ko‘plab kelishuvlarga erishishi mumkin edi, ammo negadir buni hech qachon qilmaydi”, degan u.
Zelenskiy esa saylov masalasida qaror ukrainaliklarning o‘ziga tegishli ekanini ta’kidladi. 11 oktyabr kuni u Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 60 kunlik to‘liq sulhga rozi bo‘lsa, Ukrainada saylovlar tashkil etishga tayyorligini bildirgan.
Aslida, Ukrainadagi oxirgi prezidentlik saylovi 2019 yilda bo‘lib o‘tgan va unda Vladimir Zelenskiy g‘alaba qozongan edi. Prezidentning rasmiy vakolat muddati 5 yil bo‘lgani sababli Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, keyingi saylovlar 2024 yilda o‘tkazilishi kerak edi. Ammo Ukrainada 2022 yil fevralidan beri harbiy holat amal qilmoqda va amaldagi qonunchilik bunday sharoitda saylov o‘tkazishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, frontdagi harbiylar, xorijda yashayotgan millionlab ukrainaliklar hamda Rossiya nazoratidagi hududlarda qolgan aholi uchun ovoz berishni xavfsiz va qonuniy tashkil etish oson emas. (Putinning o‘zi 26 yildan beri Rossiya rahbari.)
11 oktyabr kuni Tramp Rossiya va Ukraina energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini va sulh darhol kuchga kirishini e’lon qildi. Ammo muammo shundaki, Moskva ham, Kiyev ham bunday kelishuvning aniq shartlarini rasman tasdiqlamagan edi. Zelenskiy Vashingtondan tafsilotlarni kutayotganini bildirgan.
14 oktyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov energetik sulhning doirasi hali aniq belgilanmaganini, bu yo‘nalishdagi ishlar davom etayotganini aytib bayonot bergan. Shuningdek, ayni paytda Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi yettita energetika ob’ektiga zarba berilganini ma’lum qildi. Kiyev esa Rossiya hujumlari davom etayotganini bildirgan.
15 oktyabr kuni Ukraina ham Rossiyaning Ryazan viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodiga zarba berdi va bu qadamni Moskva energetik sulhga rioya qilmagani bilan izohladi. Natijada Tramp e’lon qilgan sulhning amalda ishlayotganini tasdiqlovchi aniq mexanizm mavjud emasligi ayon bo‘ldi.
Vashington va Kiyev o‘rtasidagi ziddiyatning yana bir muhim ko‘rinishi esa Starlink bilan bog‘liq vaziyatda namoyon bo‘lmoqda. 14–15 oktyabr kunlari Ukraina harbiylari sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan foydalanishda yangi cheklovlarga duch kelganini ma’lum qilgan. Gap, avvalo, Starlink negizida yaratilgan va AQSH hukumati nazoratidagi harbiy aloqa tizimi – Starshield haqida bormoqda. “Associated Press” nashri xabariga ko‘ra, ayrim terminallar soatiga 160 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganda aloqani yo‘qotadigan cheklovga duch kelgan. Tezlik cheklovi esa Ukraina qurilmalarining samaradorligini pasaytirishi mumkin. Ukraina rasmiylari cheklov haqida oldindan ogohlantirilmaganini aytgan.
SpaceX asoschisi Ilon Mask Starshield AQSH hukumati nazoratida ekanini, undan foydalanish shartlarini Amerika harbiylari va oxir-oqibat prezident belgilashini ta’kidladi. “Reuters” axborot agentligi esa cheklov bo‘yicha ko‘rsatma Oq uydan kelganini amerikalik rasmiylarga tayanib xabar qildi.
“Starshield tizimlari AQSH hukumatiga tegishli va ular tomonidan nazorat qilinadi. Tezlik yoki foydalanish bo‘yicha har qanday cheklovlar AQSH harbiylari va oxir-oqibat AQSH prezidenti tomonidan belgilanadi”, dedi Mask Donald Trampga ishora qilib.
16 oktyabrga kelib, ayrim aloqa uzilishlari bartaraf etilgani bildirilgan bo‘lsa-da, tezlik cheklovi saqlanib qolgan. Ukraina rasmiylari AQSH hukumati va SpaceX bilan muzokaralarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Istanbulni suv bosdi
Turkiyaning 16 millionga yaqin aholisi istiqomat qiladigan Istanbul shahri so‘nggi 84 yil ichidagi eng kuchli yog‘ingarchiliklardan biri oqibatida suv ostida qoldi. 2026 yil 14 oktyabr kuni boshlangan kuchli jala ko‘chalar, yerosti yo‘llari, metro bekatlari, turarjoylar va savdo ob’ektlarini suv bilan to‘ldirdi. Suv oqimi avtomobillarni oqizib ketdi, transport harakati izdan chiqdi, minglab fuqarolar qutqaruvchilardan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. 16 oktyabr holatiga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan. Dastlabki hisob-kitoblar zararning ko‘lamini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, uning umumiy iqtisodiy qiymati hozircha e’lon qilinmagan.
Istanbulda 14 oktyabr kuni kuchaygan yog‘ingarchilik shahar hayotini falaj qildi. Turkiya Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi hodisani 1942 yildan buyon kuzatilgan eng yirik suv toshqinlaridan biri deb atadi. Halok bo‘lganlar orasida suv to‘plangan joydan o‘tayotganda elektr toki urgan 14 yoshli bola va suv bosgan yo‘lda yiqilib, boshidan jarohat olgan 34 yoshli erkak bor. Keyinchalik yana ikki kishining jasadi topilgan.
15 oktyabr kuni Istanbulning barcha davlat va xususiy ta’lim muassasalarida darslar bekor qilindi. Ayrim davlat xizmatchilariga ishga chiqmaslikka ruxsat berildi, mototsikllarning harakatlanishi esa xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘xtatilgan. Associated Press xabariga ko‘ra, suv toshqinlari oqibatida yo‘llarda qolib ketgan 3 mingdan ortiq kishi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.
Istanbul gubernatorligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 14 oktyabr kuni soat 06:00 dan 20:00 gacha favqulodda xizmatlarga 2 518 ta murojaat kelib tushgan. Ular orasida 1 277 ta suv bosishi, 15 ta ko‘chki va 47 ta odamlarning xavfli hududlarda qolib ketishi bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan.
Istanbuldagi vaziyat O‘zbekiston fuqarolari uchun ham ahamiyatlidir. 15 oktyabr kuni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Istanbul, Yalova va Kochaeli viloyatlarida yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarni kuchli yomg‘ir va shamol xavfidan ogohlantirgan. Ulardan zaruratsiz safarlardan tiyilish, pastqam hududlar, yerosti yo‘llari va tunnellardan uzoq yurish hamda rasmiy ogohlantirishlarga amal qilish so‘raldi.
“Yashirin” parvoz va Isroil omili
Anqara 2024 yildan beri Isroil hukumatiga tegishli samolyotlarning o‘z havo hududidan o‘tishiga ruxsat bermay keladi. Ammo Isroil Prezidenti joriy yilning 15 oktyabr kuni Bokuda boshlanishi belgilangan sammitga bir amallab borishi kerak edi. Shunday fursatda Ozarbayjonning o‘zi Isroilga yordam qo‘lini uzatdi.
Gap shundaki, Isroil Prezidenti Isxak Gersog 14 oktyabr kuni Tel-Avivdan Ozarbayjon havo yo‘llariga tegishli J222 reysi bilan uchgan. Flightradar24 parvoz kuzatuvi ma’lumotlariga ko‘ra, Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 11:35 da havoga ko‘tarilib, Boku vaqti bilan 15:40 da manzilga yetib borgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Shusha” deb nomlangan samolyot Turkiya havo hududidan o‘tgan. Isroil prezidenti safarda yordamchisi va kichik delegatsiyasi bilan birga bo‘lgan. E’tiborli jihati shundaki, bu maxsus hukumat reysi emas, balki boshqa yo‘lovchilar ham foydalanadigan muntazam tijoriy qatnov edi.
“Middle East Eye” nashrining xabar berishicha, Ozarbayjon Turkiya tomoniga Gersogning ushbu reysda ekanini ma’lum qilmagan. Shu bilan birga, Turkiya har bir xorijiy yo‘lovchi samolyotining bortidagi yo‘lovchilar ro‘yxatini ololmasligi ham qayd etilgan. Vaziyatning o‘ziga xosligi shundaki, 2024 yil noyabrida Turkiya Gersogning rasmiy samolyotiga havo hududidan o‘tish uchun ruxsat bermagani sababli uning Bokudagi BMT iqlim konferensiyasiga tashrifi bekor qilingan edi. Bu safar esa Isroil prezidenti oddiy yo‘lovchi reysidan foydalanib, manziliga yetib oldi.
Bokudan bildirilgan munosabat esa ancha keskin deyish mumkin. Ozarbayjon hukumatiga yaqin APA axborot agentligi orqali tarqatilgan izohda Turkiya OAVda ilgari surilayotgan da’volar asossiz ekani aytildi. Unga ko‘ra, Gersog, uning yordamchisi va kichik delegatsiyasi Boku-Tel-Aviv-Boku yo‘nalishidagi tijoriy reysga boshqa yo‘lovchilar singari chipta sotib olgan. Maxsus samolyot yoki g‘ayrioddiy parvoz tashkil etilmagan.
15 oktyabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (CICA) 7-sammitida vaziyat diplomatik tus oldi. Gersog nutq so‘zlay boshlaganida Hoqon Fidan boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi, shuningdek, 10 dan ortiq mamlakat vakillari zalni tark etdi.
Fidan o‘z chiqishida Isroilning Falastin xalqiga nisbatan siyosatini tanqid qilib, falastinliklarning asosiy huquqlari buzilayotgan bir paytda bu holatga befarq qarab bo‘lmasligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, muammoning barqaror yechimi 1967 yilgi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va suveren Falastin davlatini tashkil etishdan iborat. Bu bilan Anqara sammitdagi noroziligini ochiq namoyish eta oldi.
Shu bilan birga, ayni vaziyatda Anqara va Boku o‘rtasidagi munosabatlarda ham muammolar borligi ko‘rinib qoldi. Fidan 15 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvdan keyin ikki davlat o‘rtasida ayrim masalalar yuzasidan qarashlar farq qilishi mumkinligini tan olgan. Biroq bunday kelishmovchiliklardan strategik aloqalarni zaiflashtirish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi. U Turkiya va Ozarbayjon munosabatlarini «Bir millat — ikki davlat» tamoyili bilan izohlab, ikki tomon muammolarni o‘zaro muloqot orqali hal qilishi kerakligini bildirgan.
“Bir millat – ikki davlat” tamoyili barcha sohalarda o‘z aksini topmoqda. Yetakchilarimiz o‘rtasida buzilmas do‘stlik va qardoshlik rishtalari mavjud. Bu rishtalar juda og‘ir damlarda, urushlar va inqirozlar davrida sinovdan o‘tgan”, deydi Fidan.
Shuningdek, Turkiya TIV muammoni bo‘rttirib, tarmoqlarda ig‘vo tarqatishga urinayotganlarni ham tanqid qilib, “biz o‘z muammolarimizni o‘zimiz hal eta olamiz” qabilida fikr bildirgan.
“Biz – qadimiy millatmiz. O‘z muammolarimizni esa ko‘p asrlik o‘tmishimizga munosib tarzda hal qilamiz: dasturxon atrofiga o‘tirib, ularni o‘zimizga munosib va zamonaviy tarzda muhokama qilamiz”, deydi u.
Shu o‘rinda Turkiyaning Isroil bilan munosabatlari ham alohida ahamiyatga ega. Anqara 2024 yilda G‘azodagi urush va gumanitar inqiroz fonida Isroil hukumatiga tegishli samolyotlarning o‘z havo hududidan foydalanishini cheklagan. Bundan tashqari, Turkiya Savdo vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil 2 maydan boshlab Isroil bilan barcha tovar guruhlari bo‘yicha eksport-import, erkin hududlar va tranzit savdosi to‘xtatilgan. Turkiya hukumati Isroilning Falastin siyosatini muntazam tanqid qilib, mustaqil Falastin davlatini tashkil etishni talab qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Fidan va boshqa mamlakatlar vakillarining Gersog nutqini boykot qilishi Anqaraning avvaldan ma’lum bo‘lgan siyosiy pozitsiyasining dadil davomi deyish mumkin.
Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘tgan bir hafta davomida eski muammolarning yangi qiyofalari kashf etildi. Insoniyat har qancha texnik jabhada ilgarilamasin, ibtidoiy davrga xos urush va zo‘ravonlik uni hanuz tark etgani yo‘q.
Live
Barchasi