Qo‘rqayotgan Tramp, kuchaygan husiylar va olov ichidagi Turkiya
Tahlil
−
18:11 278 17 daqiqa
Vladimir Zelenskiy portlab ketishiga sal qoldi. U uchayotgan samolyot dron bilan to‘qnashishiga bir baxya qolgani rasman e’lon qilindi. Xo‘sh, bu aniq o‘ylangan hujummidi yoki tasodif? Nima, prezidentlar xavfsizligi shu qadar zaiflashdimi?
Eron bilan urush sababli reytingi pastlagan, fuqarolarining ishonchini yo‘qotgan Tramp odamlarni pul bilan sotib olmoqchi. U yaqinlashayotgan saylovda o‘zi va jamoasi foydasiga ovoz bergan har bir fuqaro uchun 500 AQSH dollari bermoqchi. Janglar tufayli turmush tarzi yomonlashganidan noliyotgan amerikaliklar bu tashabbusni qanday qarshi oladi?
Husiylar Qizil dengizdagi muhim ahamiyatga ega hududlarni egallab oldi. Eron moliyalashtirishi aytiladigan bu guruh Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan savdo yo‘lini yopib qo‘yish bilan tahdid qilyapti. Endi nima bo‘ladi?
Turkiya yana o‘t ichida qoldi. Har yili takrorlanadigan o‘rmon yong‘inlarining dahshati bu safar ham kam emas. Yuzlab aholi yashaydigan uylar yonib ketdi. Minglab fuqarolar ko‘chirildi. Doimiy ssenariyga turklar tayyormidi?
Joriy yilning sentyabr oyi boshi xalqaro siyosiy sahnada ham, Rossiya bilan Ukrainaning harbiy frontlarida ham keskin burilishlar va kutilmagan hodisalarga boy bo‘lmoqda. Bir tomonda tinchlik muzokaralari haqidagi va’dalar, ikkinchi tarafda esa har ikkala tomon bir-birining ichki hududlariga yo‘llayotgan qaqshatqich zarbalari. Tinchlik tashabbuslari haqida gap ketganda, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘nggi bayonotlariga e’tibor qaratish joiz. Kanadada OAV vakillari bilan suhbatlashgan Zelenskiy Rossiya bilan olib borilayotgan muzokaralarning dastlabki natijalari sentyabr oxirigacha paydo bo‘lishi mumkinligiga shama qildi.
“Hozir biz energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ehtimoliy natijalar masalasini ko‘taryapmiz. Menimcha, bunga erisha olamiz. Nyu-Yorkda Prezident Tramp bilan uchrashuvdan keyin bu haqda ochiqroq gapira olaman”, deydi u.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Moskvadagi 20 sentyabr parlament saylovlari sababli yaqin kunlarda jiddiy muloqot kutilmaydi, biroq oy oxirida BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSH rahbariyati va Donald Tramp bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlar ko‘p narsaga oydinlik kiritishi mumkin. Biroq, diplomatik ritorika orqasida haqiqiy harbiy to‘qnashuvlar shafqatsizlarcha davom etmoqda.
Zelenskiyning o‘zi ham ushbu urush dahshatlaridan xoli emasligini Yevropa bo‘ylab safari chog‘ida yana bir bor his etdi. Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore NRK davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida 8 sentyabr kechqurun Moldovadan Osloga yo‘l olgan Zelenskiyning samolyoti dron bilan to‘qnashishiga oz qolganini ma’lum qildi.
“Uning samolyoti Moldovadan uchishi kerak bo‘lgan vaqtda dron bilan to‘qnashishiga oz qolgan. Bu u yashayotgan haqiqat”, deydi Styore.
Keyinchalik Norvegiya Bosh vaziri devonxonasi bu xavf Moldova havo hududidagi dronlar sababli yuzaga kelgani va parvoz kechiktirilganini aniqlashtirdi. Bu tasodifiy xavfmi yoki maqsadli suiqasd – bu savol ochiq qoldi. Qizig‘i shundaki, Zelenskiy Oslo aeroportiga yetib kelgan hudud – Moldova va Ukraina o‘rtasidagi “Starokozache” chegara punktidan bor-yo‘g‘i ikki soatlik masofada joylashgan. Ayni shu chegara punktiga 9 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya dronlari hujum qilib, ikki kishining umriga zomin bo‘ldi.
Shu kuni, ya’ni 9 sentyabr kechasi Ukraina kuchlari kutilmagan javob zarbasini yo‘lladi. Qora dengiz sohilidagi mashhur kurort shahri – Sochiga Ukraina dengiz dronlari yoki Rossiya Mudofaa vazirligi tili bilan aytganda “ekipajsiz katerlar” hujum qildi. Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi va mahalliy manbalarga ko‘ra, hujum oqibatida 28 kishi, jumladan 2 nafar bola jarohatlangan. Voqea “Festivalniy” madaniyat saroyida xonanda Tatyana Bulanovaning konserti avjiga chiqqan paytda soat 21:00 atrofida yuz bergan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, sohildagilar dastlab trevoga signaliga e’tibor bermagan. Chunki Sochida urush “uzoqdagi uydirma”dek tuyulardi. Ammo 300 metr narida portlashlar yuz berib, zarba to‘lqinlari odamlarni yiqitgach, dahshatli xaos va vahima boshlangan. Shahar meri Andrey Proshunin Telegram’da “faqat oynalar va fasadni tiklash kerak, vaziyat barqaror” deya vaziyatni bosiqlik bilan izohlashga urindi. Biroq Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha darhol “Terrorchilik harakati” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Harbiy to‘qnashuvlar geografiyasi 10 va 11 sentyabr kunlari yanada kengaydi. 11 sentyabr kuni ertalab Ukraina dronlari Rossiyaning Saratov, Volgograd va Tula viloyatidagi ob’ektlarga zarba berdi. Saratovda Ozon logistika markazi va neftni qayta ishlash zavodida yong‘inlar kelib chiqdi, Tulada esa 2 kishi halok bo‘lib, 3 kishi yaralandi. Bunga javoban, Rossiya Qurolli kuchlari ham tunda Ukrainaning muhim infratuzilmalari va logistika zanjirlarini nishonga oldi. Rossiya Mudofaa vazirligining bayonotida aytilishicha, Kiyevdagi “Bi-mobayl” data-markazi, “Gostomel” logistika markazi, Xmelnitskiydagi “Novaya pochta” terminali hamda Odessadagi zavod va harbiy yuk tashiyotgan kemalarga yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarba berilgan. Shu bilan birga, 11 sentyabr kuni ertalab Rossiyaning reaktiv dronlari Kiyevdagi “Ukrnafta” kompaniyasining Troyeina va Pochayna hududlaridagi yonilg‘i quyish shoxobchalariga ataylab qayta-qayta zarba berdi.
“Bu odamlarni yonilg‘i bilan ta’minlaydigan fuqarolik ob’ektlariga qasddan berilgan zarba, buning hech qanday harbiy mantiqiy maqsadi yo‘q”, deydi “Ukrnafta” raisi Bogdan Kukura.
Ukrainaning front ortidagi infratuzilmaviy va energetik urushi Rossiya iqtisodiyotining nozik tomirlarini qirqmoqda. Yil boshidan buyon Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga 70 dan ortiq dron hujumlari uyushtirilishi oqibatida mamlakatda jiddiy aviayonilg‘i taqchilligi yuzaga keldi. Air Navigation (aeronavigatsiya) ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, 7 sentyabr holatiga ko‘ra, Rossiyaning kamida 26 ta yirik aeroportida samolyotlarga yonilg‘i quyishga ommaviy cheklashlar kiritilgan. Sankt-Peterburgdagi Pulkovo va Kaliningraddagi Xrabrovo aeroportlarida parvoz rejasidan ortiqcha bir litr yonilg‘i quyish ham taqiqlangan bo‘lsa, Qozon, Ufa, Yekaterinburg, Sochi va Volgograd kabi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalar uchun qat’iy limitlar joriy etilgan. Avgust oyining o‘zida kamida 7 ta NQZ faoliyatini to‘xtatgani va kunlik benzin taqchilligi 30 ming tonnaga yetgani fonida, Rossiya aviatsiyasi ham yonilg‘isiz qolish xavfi ostida turibdi.
Ayni shu vaziyatda G‘arb ittifoqchilarining Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. 10 sentyabr kuni Kanada Bosh vaziri Mark Karni Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng, Ukrainaga havo mudofaasi raketalari uchun 350 million Kanada dollari (AQSHning Patriot dasturi orqali) ajratilishini e’lon qildi.
“Bu odamlarni yonilg‘i bilan ta’minlaydigan fuqarolik ob’ektlariga qasddan berilgan zarba, buning hech qanday harbiy mantiqiy maqsadi yo‘q”, deydi Karni Kalgaridagi chiqishida.
Shuningdek, Kanada keyingi ikki yilda yiliga millionlab dron ishlab chiqarish va ularning uchdan birini Ukrainaga yetkazib berish hamda energetika xavfsizligi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki orqali 435 million Kanada dollari miqdorida kredit kafolatlari ajratishni o‘z zimmasiga olgan.
Nizolar va iqtisodiy bosimlar fonida Rossiyaning ichki migratsiya siyosati ham keskinlashgani kuzatiladi. Rossiya IIV Fuqarolik va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatga olish xizmati boshlig‘i Andrey Kikotning 10 sentyabr kuni Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qilishicha, oxirgi bir yarim yil ichida mamlakatdan 100 mingga yaqin migrant chiqarib yuborilgan, shundan 75 mingi majburiy tartibda. Yana 200 mingga yaqin xorijlikning Rossiyaga kirishi taqiqlangan va 20 mingta soxta nikoh holatlari aniqlanib, vaqtincha yashash guvohnomalari bekor qilingan.
“Biz migratsiya qonunchiligini buzgan 800 ming nafar xorijlikni hisobga olib, nazorat qilinuvchi shaxslar reyestriga kiritdik”, deydi Kikot.
Urush sharoitida ichki nazoratni kuchaytirish va jamiyatdagi ijtimoiy bosimni chet elliklar zimmasiga yuklash Moskva uchun an’anaviy qurolga aylanib bo‘lgan. Sentyabr oyining birinchi o‘n kunligi ko‘rsatib turibdiki, tomonlar diplomatik stolda qanday shartlarni muhokama qilishidan qat’i nazar, harbiy maydondagi va iqtisodiy jabhadagi “resurs urushi” va taktik bosim o‘tkazish harakatlari o‘zining eng yuqori nuqtasiga chiqmoqda.
Tramp urushni 3 noyabrda tugatmoqchi
AQSH ichki va tashqi siyosatining tutashgan nuqtasida siyosiy drama avj olmoqda. Mamlakat 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan o‘ta muhim Kongressga oraliq saylovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aynan shu pallada Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarning yettinchi oyga kirib borishi, Brent neftining barreli 100 dollardan oshib ketishi hamda amerikaliklar hayotidagi qimmatchilik Vashingtondagi siyosiy elitani jiddiy sarosimaga solib qo‘ydi. Saylov oldidan Respublika partiyasini safarbar etish va o‘z pozitsiyalarini saqlab qolish uchun Prezident Donald Tramp o‘ziga xos va kutilmagan populistik hamda harbiy bayonotlar seriyasini boshlab yubordi.
9 sentyabr kuni Vashington yaqinidagi “Endryus qo‘shma harbiy bazasi”da jurnalistlar qarshisida paydo bo‘lgan Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urush tez orada yakunlanishiga shama qildi.
“Menimcha, urush saylovdan keyin tugaydi, chunki ular endi bundan ortiq bardosh bera olmaydi. Ular saylovga ta’sir o‘tkazishga urinish uchun umidsiz ahvolda”, deydi u.
Uning ta’kidlashicha, Tehron chorasizlikdan AQSHdagi siyosiy jarayonlarga xalaqit berishga urinmoqda, ammo uning harbiy-iqtisodiy manbalari allaqachon tugash yoqasida. Prezident, shuningdek, Eron bilan muloqot ehtimolini to‘liq rad etmadi.
“Muzokara bo‘lishi mumkin, ammo hozir biz ko‘rib chiqayotgan masala bu emas”, deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp harbiylarning harakatlari to‘xtamasligini bildirib, “bundan ham ko‘prog‘ini ko‘rasiz”, deya Tehronga nisbatan bosim oshishini uqtirib o‘tdi.
Tehronga berilayotgan zarbalarga qaramay, Eron ham qarab turgani yo‘q. Tehron Vashington tomonidan 5 ta Eron neft tankeriga zarba berilganiga javoban global neft arteriyasi bo‘lmish Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida 10 ta xalqaro kemani nishonga olganini e’lon qildi. Oqibatda, dunyo bozorida Brent markali neft narxi keskin ko‘tarilib, barreli uchun 100 dollarlik chegaradan oshib ketdi. Tramp esa ushbu iqtisodiy bosim va inflyatsiya urush yakunlanishi bilan barham topishini va’da qilmoqda. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 3 noyabrdagi saylovlardan so‘ng harbiylar amaliyoti tugaydi va neft narxlari ham darhol pastlaydi. Ammo AQSH va Isroillikning 6 oydan ortiq davom etayotgan ommaviy zarbalariga qaramay, xalqaro tahlilchilar Eronning yadroviy va harbiy infratuzilmasi batamom yo‘q qilinmaganini va mojaro tez orada tinchishiga ishonchsizlik bilan qarashayotganini ta’kidlamoqda.
Tashqi siyosatdagi murakkabliklar va iqtisodiy qiyinchiliklar oqibatida o‘z reytinglari pasayib borayotganini ko‘rgan Tramp ichki auditoriyaga mutlaqo noodatiy “moliyaviy xo‘rak” tashlashga qaror qildi. 9 sentyabrda Dallasda o‘tkazilgan Respublika partiyasining birinchi oraliq saylovlar konvensiyasida so‘zga chiqqan Prezident, agar respublikachilar noyabrdagi saylovlarda Kongressning ikkala palatasida ham nazoratni saqlab qolsa, har bir katta yoshli amerikalikka 5 ming dollardan “Tramp dividendi” to‘lanishini e’lon qildi. Mamlakatda taxminan 270 million nafar voyaga yetgan fuqaro borligini inobatga olsak, ushbu loyihaning umumiy qiymati fantastik 1,35 trillion dollarni tashkil etadi. Federatsiya g‘aznasidan bu kabi ulkan mablag‘ qayerdan olinishi yoki bu taklifning huquqiy va iqtisodiy mexanizmlari qanday bo‘lishi haqida ochiq savollar seriyasi paydo bo‘ldi.
Dallasdagi ushbu tadbir Respublika milliy qo‘mitasi raisi jo Gryuters tomonidan norasmiy ravishda “Trumpapalooza” deya nomlandi. Konvensiyada roppa-rosa 1 soatu 45 daqiqa davomida sahnani egallagan Tramp o‘z boshqaruvining dastlabki ikki yilini “prezidentlik tarixidagi eng buyuk ikki yil” deb atab, o‘zini Respublika partiyasi targ‘ibotining mutlaq markaziga qo‘ydi.
“Amerika kelajagini radikal so‘l demokratlarga topshirsak, mamlakatimiz keyingi o‘n yilni faqatgina oyoqqa turishga sarflaydi. Respublikachilarga ovoz bering va biz dunyoni avlodlar davomida ortda qoldiramiz. Byulletenda shaxsan menga ovoz bering”, deya ta’kidladi.
Ammo partiyaning unga to‘liq bog‘lanib qolayotgani va Tramp reytinglarining rekord darajada tushishi ayrim respublikachi nomzodlarni xavotirga solmoqda. Sotsiologik so‘rovlar hayot qimmatlashishi hamda cho‘zilib ketgan Eron urushi tufayli neytral va mustaqil saylovchilar orasida respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash darajasi sezilarli darajada pasayganini ko‘rsatmoqda. Aynan shu sababli, Michigan vakili Tom Barrett, Alyaska senatori Den Sallivan va senator Syuzan Kollinz kabi nomzodlar Tramp bilan bir sahnada ko‘rinishdan qochib, Dallasdagi konvensiyaga kelmadi. Shunday bo‘lsa-da, Texas bosh prokurori Ken Pakston va Ogayo senatori jon Xyusted kabi 16 nafar sodiq nomzodlar sahnada paydo bo‘lib, Tramp yo‘nalishini qo‘llab-quvvatladi.
Konvensiyada so‘zga chiqqan respublikachilar asosiy e’tiborni fuqarolarni qiynayotgan hayot qimmatligi va Eron urushi kabi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga emas, balki demokratlarni “sotsialistlar”, “kommunistlar” va transgenderlar huquqlari bo‘yicha tanqid qilishga qaratdi. Hatto partiya ichidan ham bunday yondashuvga e’tirozlar bildirildi. Alabama shtati vakili Erni Yarbro ma’muriyat saylovchilarga Erondagi urush qancha davom etishi va AQSHning aniq maqsadlari nimadan iborat ekanini aniq tushuntirishi shartligini bildirdi.
Barcha sotsiologik ko‘rsatkichlar demokrat saylovchilarning ushbu oraliq saylovlarda faollik ko‘rsatishga bo‘lgan ishtiyoqi ancha yuqori ekanini tasdiqlamoqda. Chunki, noyabr saylovlari nafaqat Kongressdagi kuchlar muvozanatini, balki butun dunyo iqtisodiyoti va harbiy geosiyosatining kelgusi yillardagi yo‘nalishini belgilab beradi.
Husiylar nazoratni qo‘lga oldi
Fors ko‘rfazida Eron va AQSH o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda, ziddiyatning ikkinchi va yanada xavfliroq fronti Qizil dengiz hamda Bab al-Mandab bo‘g‘ozida katta voqeliklar bo‘ldi.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, ammo Tehron hech qachon tan olmaydigan husiylar Qizil dengizdan Hind ummoniga chiqishda joylashgan strategik Perim orolini va Dubab shaharchasini, shuningdek, 10 sentyabr kuni al-Muxa shahri hamda Hanish orollarini to‘liq egallab oldi. Bob al-Mandab bo‘g‘ozining husiylar nazoratiga o‘tishi Vashington va uning mintaqaviy ittifoqchilari uchun kutilmagan geostrategik zarba bo‘ldi.
“Husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozini to‘liq egallasa, Eron AQSH bilan urushda katta ustunlikka ega bo‘ladi. Bu holat neft yetkazib berishni kamaytiradi va neft narxining keskin oshishiga olib keladi”, deyiladi “Reuters” xabarida.
Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yganidan so‘ng, dunyoning eng yirik neft eksportchisi bo‘lmish Saudiya Arabistoni o‘z uglevodorodlarini dunyo bozoriga olib chiqish uchun yagona xavfsiz yo‘l sifatida aynan Qizil dengiz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozidan foydalanayotgan edi. Endilikda husiylarning ushbu bo‘g‘ozni ham o‘z nazoratiga olishi Ar-Riyod uchun iqtisodiy va xavfsizlik jihatidan qamal holatini keltirib chiqarmoqda. Har doimgidek, Tehron husiylarga harbiy buyruqlar berayotganini rasman rad etib keladi. Biroq “Reuters”ning G‘arb razvedkasiga tayanib yozishicha, husiylarning bu tezkor yurishlari bevosita Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ko‘rsatmasi va moliyaviy-harbiy ko‘magi ostida amalga oshirilgan. Tehron husiylarga Saudiya Arabistoniga hujumlarni keskin ko‘paytirish evaziga ko‘proq qurol-yarog‘, mablag‘ va zobitlar ajratishni va’da qilgani aytilmoqda.
Vaziyatning bu darajada dramatik tus olishi ortida parda ortidagi o‘ta qiziq diplomatik o‘yinlar yotibdi. Axios nashrining AQSH rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 10 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Trampga ikki marta shoshilinch qo‘ng‘iroq qilib, uni Yaman husiylariga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy zarbalar berishga chaqirgan. Murojaatda husiylar Qizil dengizdagi muhim bo‘g‘ozga batamom o‘rnashib olmasidan avval ularning pozitsiyalarini havodan va dengizdan yo‘q qilish so‘ralgan. Biroq, kutilmaganda Tramp valiahd shahzodaning bu murojaatini rad etdi.
Aslida, Ar-Riyod va husiylar o‘rtasidagi keskinlik shu yilning iyul oyida Saudiya Arabistoni Eron samolyotining Sano aeroportiga qo‘nishiga to‘sqinlik qilganidan keyin avj olgan edi. O‘shanda bortda Eronning sobiq oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiyning dafn marosimidan qaytayotgan yuqori martabali husiy amaldorlar bo‘lgan. O‘sha paytda Muhammad bin Salmon Trampdan Sano aeroportiga havodan zarba berish uchun faqat siyosiy yordam so‘ragan va “biz husiylar bilan o‘zimiz hisoblashamiz” degan ruhda harbiy aralashuv shart emasligini ta’kidlagan edi. Tramp o‘shanda uni qo‘llab-quvvatlagan. Biroq oradan ikki oy o‘tib, husiylar Saudiya tankerlari va energetika ob’ektlariga qaqshatqich zarbalar berib, sohil chizig‘ini birin-ketin egallay boshlagach, Saudiyaning kayfiyati tubdan o‘zgardi va Ar-Riyod Vashingtondan “kelib bizni qutqaring” degan ma’noda harbiy aralashuvni yolvorib so‘rashga majbur bo‘ldi.
Biroq, Vashingtonning o‘z hisob-kitoblari bor. AQSH harbiy va fuqarolik rasmiylari saudiyalik hamkorlariga Oq uyning asosiy e’tibori Eronning o‘ziga va Hormuz bo‘g‘oziga qaratilganini, hozircha Yamanda yangi va cho‘ziluvchan front ochish Vashington rejalarida yo‘qligini ochiq-oydin bildirishgan.
“Qo‘shma Shtatlar o‘zining asosiy milliy xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishga, jumladan, Qizil dengizda kemalar qatnovi erkinligini ta’minlashga e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, mintaqadagi hamkorlarimizga mintaqaviy xavfsizlik muammolarini boshqarish va hal etishda yetakchi rolni berishga intilmoqdamiz”, deydi Tramp ma’muriyatining yuqori martabali rasmiysi.
Soddaroq qilib aytganda, AQSH saudiyaliklarga “o‘zingiz boshlagan muammoni o‘zingiz eplang, biz esa sizga razvedka ma’lumotlarini berib turamiz” degan javobni qistirib qo‘ydi. Hozirda Saudiya Arabistonida 200 nafarga yaqin AQSH harbiy xizmatchisi bo‘lib, ular faqat razvedka va koordinatsiya masalasida yordam ko‘rsatish bilan cheklanmoqda.
AQSHning bevosita harbiy yordamidan umidini uzgan Yaman hukumati o‘z kuchlari bilan qarshi hujumga tayyorlanmoqda. Hukumat qo‘shinlari vakili, polkovnik Majid an-Naziliy strategik hududlarda, jumladan al-Muxa, Hanish va Perim orollarida husiylarni yo‘q qilish uchun barcha aviatsiya va og‘ir qurollar ishga solinishini e’lon qildi. U tinch aholini Taiz va al-Muxa shaharlari o‘rtasidagi yo‘llardan foydalanmaslikka hamda husiylarning harbiy texnikalaridan uzoqroq yurishga chaqirdi.
Ko‘rib turibsiz, Yaqin Sharqdagi urush geografiyasi kutilganidan ham tezroq kengayib bormoqda. Hormuz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozlaridagi tugunlarning bir paytning o‘zida bog‘lanishi global iqtisodiyot uchun og‘ir va asoratli oqibatlarni va’da qilmoqda. Mintaqadagi bu “shaxmat o‘yini”da keyingi yurish kim tomonidan va qanday evaziga amalga oshirilishi tez orada ma’lum bo‘ladi.
Olov ichidagi Turkiya
O‘rta Yer dengizi sohillari deganimizda ko‘pchiligimizning xayolimizga besh yulduzli mehmonxonalar, tiniq dengiz va xotirjam dam olish maskanlari keladi. Biroq, joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari Turkiyaning Antaliya va Adana viloyatlarida boshlangan yirik o‘rmon yong‘inlari bu romantik tasavvurlarni tom ma’noda kulga aylantirmoqda. Turkiya har yili takrorlanadigan bu ssenariyga qanchalik tayyor ekanini yana bir bor yong‘in va sarosima ichida imtihondan o‘tkazmoqda.
Xronologiyaga e’tibor qaratsak, vaziyat haqiqiy urush o‘chog‘ini eslatadi. 7 sentyabr kuni Antaliyaning Aksu va Kepez tumanlarida uchqunlagan o‘rmon yong‘inlari kuchli shamol sababli qisqa vaqt ichida ulkan hududlarni qamrab oldi. Hukumat yong‘inga qarshi 3 ta samolyot, 9 ta vertolyot, 165 ta o‘t o‘chirish mashinasi va mingdan ortiq xodimni safarbar qildi. Mahalliy rasmiylar vaziyatni nazoratga olishga qanchalik urinmasin, olov aholi yashash punktlariga bostirib kirdi. Antaliya gubernatori Hulusi Shahin o‘zning hisobotida ushbu dahshatli holatni ochiq tan oldi:
“Yong‘in Karao‘z va Yeshilkaraman mahallalarimiz ichiga tarqalib, u yerdagi uylar, issiqxonalar va hayvonlar saqlanadigan molxonalarni xavf ostida qoldirdi. Xodimlarimiz katta sa’y-harakat qildi. Dastlab zarar ko‘rgan bir nechta uyni hisobga olmaganda, qolgan uylarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik”, dedi u.
Biroq, fojia ancha jiddiyroq. Birgina Antaliyada 47 kishi jabrlandi, ularning 11 nafari shifoxonalarga yotqizildi. Karao‘z, Yeshilkaraman va Chamlija mahallalaridan yuzlab oilalar, jami 700 ga yaqin inson o‘z uyini tashlab qochishga majbur bo‘ldi.
Fojia faqat Antaliya hududi bilan cheklanib qolgani yo‘q. Adana viloyatining Ko‘zan, Imomo‘g‘li va Aladag‘ tumanlarida boshlangan yong‘inlar ham qariyb 15 ta mahallani yutib yuborishiga bir baxya qoldi. Bu yerdan 835 kishi shoshilinch evakuatsiya qilindi. Adanadagi qutqaruv operatsiyasining bitta o‘ziga xos jihati bor: olovni o‘chirishga yuzlab texnikalar qatorida 8 ta odatda ko‘chalarda norozilik namoyishchilarini tarqatish uchun foydalaniladigan suv otar zirhli mashinalar ham jalb qilindi.
Balo kelaman desa, ketma-ket keladi deganlaridek, 8 sentyabr kuni Antaliyaning Kumluja tumanida yana bir yong‘in o‘chog‘i paydo bo‘ldi. To‘ptosh mahallasidan boshlangan alanga shamol ta’sirida Go‘zo‘renga sakrab o‘tdi va yana 200 ga yaqin xonadon bo‘shatildi. Alanga hatto harbiylashtirilgan jandarmeriya binosigacha yetdi, uni amallab saqlab qolishdi, ammo atrofdagi inshootlar olov ichida qoldi. Kumlujadagi vaziyat bo‘yicha gubernator Hulusi Shahin yana minbarga chiqib, aholini tinchlantirishga urindi.
“10 ga yaqin uy zarar ko‘rdi, biroq hozir aholi yashash joylarida tahdid yo‘q. Kurash havodan va quruqlikdan davom etmoqda”, dedi u.
Shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan yirik logistika arteriyasi bo‘lgan Antaliya – Isparta avtomagistralining yopilishi mintaqada iqtisodiy qon aylanish tizimini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi.
Xalqaro va tahliliy miqyosdan qaraydigan bo‘lsak, ushbu holat Turkiya hukumati uchun shunchaki navbatdagi favqulodda vaziyat emas, balki uzoq yillik tizimli xatolarning mevasidir. Jahon ekologlari har yili global isish fonida O‘rta Yer dengizi havzasida, xususan, Gretsiyadan tortib Turkiyagacha bo‘lgan chiziqda yong‘inlar qandaydir tasodif emas, balki yangi normal holatga aylanganini ta’kidlashadi. Lekin har yili sentyabr kelganida, hokimiyat xuddi o‘rmonlar yonishini birinchi marta ko‘rayotgandek hayratga tushishi va doimiy “favqulodda yig‘ilishlar” o‘tkazishi o‘ziga xos byurokratik teatrga aylanib qolgan. Iqtisodiyoti shusiz ham yuqori inflyatsiya bilan kurashayotgan Anqara uchun yuzlab gektar unumdor yerlarning, qishloq xo‘jaligi issiqxonalarining va turizm atrofidagi infratuzilmaning yonib ketishi ko‘rinmas milliardlab zararlarni anglatadi. Bugun o‘nlab samolyot va vertolyotlar, yerdan esa minglab qutqaruvchilar tabiat fojiasiga qarshi ayovsiz jang qilmoqda. Ammo fakt shuki, insoniyat vaqti kelganda shamol va olov ittifoqi oldida o‘zining bor texnologiyasi bilan ham g‘aribligicha qoladi. Yong‘inlar o‘chadi, hisobotlar yoziladi, kompensatsiyalar va’da qilinadi, lekin keyingi yilning sentyabri kelguniga qadar ekologik siyosatda biror narsa o‘zgaradimi yoki yana o‘sha yong‘inlarga qarshi suv otar mashinalar bilan kurashiladimi – bu savolga aniq javob aytib bo‘lmaydi.
Live
Barchasi