Eron AQSHdan sulh bo‘yicha javob oldi
Olam
−
08:43 3159 2 daqiqa
Eron AQSHga yuborgan Fors ko‘rfazidagi sulhni qayta tiklash bo‘yicha so‘nggi taklifiga Vashingtondan javob olganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSHning javobini Eron hukumatiga yetkazgan. Bu ma’lumot Eron hukumati vakili tomonidan kecha, 30 sentyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 27 sentyabr kuni Eronning taklifini rad etganini aytgandi. Biroq Aroqchi Tehron Vashingtondan rasmiy rad javobini olmaganini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron o‘tgan hafta AQSH bilan sulhni tiklash bo‘yicha taklif ilgari surgan. Unga ko‘ra, Vashington Eron portlariga o‘rnatilgan blokadani bekor qilishi, Tehron esa Hormuz bo‘g‘ozini yetti kun ichida qayta ochishi kerak.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarda Qatar vositachilik qilmoqda. O‘tgan hafta Qatarlik vositachilar Nyu-Yorkda BMT yig‘ilishi doirasida AQSH va Eron vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazgan. Nashrning qayd etishicha, bu sulh barbod bo‘lganidan beri ikki davlat o‘rtasidagi ilk bilvosita muzokaralar bo‘lgan.
Muzokaralardan xabardor rasmiyga ko‘ra, tomonlar kelishuv uchun zarur bo‘lgan qadamlarning aksariyati bo‘yicha bir fikrda. Biroq ularni qaysi tartibda amalga oshirish masalasida kelishmovchilik saqlanib qolmoqda.
Eron tomonining bildirishicha, taklif AQSH Prezidenti Donald Tramp va Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon tomonidan iyun oyida imzolangan, biroq bir necha hafta o‘tib barbod bo‘lgan vaqtinchalik kelishuvni qayta tiklashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya o‘zi foydalanib kelgan mamlakatdagi siyosiy va harbiy bazalar hamda shtablarning barchasini Iroq hukumatiga topshirgan edi. Shu bilan birga, AQSH 30 sentyabr kuni Iroqdagi so‘nggi harbiylarini ham olib chiqqan. Eron va uning ittifoqchilari AQSH qo‘shinlarining Iroqdan chiqib ketishini olqishlagan.