Mashhur qo‘shiqchiga 74 darra uriladigan bo‘ldi
Olam
−
20:12 1168 2 daqiqa
Eron apellyatsiya sudi xonanda Parastu Ahmadi va uning guruhiga nisbatan chiqarilgan 74 darra urish haqidagi hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Shu tariqa, xonanda va yana yetti nafar guruh a’zosiga nisbatan chiqarilgan hukm yakuniy kuchga kirdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qum shahridagi apellyatsiya sudi Ahmadi va uning jamoasi advokatlarining shikoyatini rad etgan. Sud hukmi joriy yilning iyun oyida chiqarilgan bo‘lib, unda xonanda va guruhining sakkiz nafar a’zosi 74 darra urish, ikki yil davomida mamlakatdan chiqishni taqiqlash hamda ikki yil davomida badiiy va audiovizual faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlashga hukm qilingan.
Sud mazkur jazoni Ahmadi 2024 yil dekabr oyida hijobsiz holda ijro etgan va internet orqali namoyish qilingan konsert bilan bog‘lagan. Konsertda 29 yoshli xonanda yolg‘iz qo‘shiq kuylagan, uning chiqishi You Tube orqali tarqalib, millionlab marta tomosha qilingan. Eron hukumati bu chiqishni mamlakatning “qonuniy va madaniy me’yorlari”ga zid deb baholagan.
Gap 2024 yil 11 dekabr kuni e’lon qilingan “Karvonsaroy konserti” haqida bormoqda. Parastu Ahmadi tarixiy Deyr-Gachin karvonsaroyida yozib olingan 27 daqiqalik videoda uzun qora ko‘ylakda, boshiga hijob o‘ramagan holda bir nechta qo‘shiqni ijro etgan. Uning yonida to‘rt nafar musiqachi erkak ham bo‘lgan.
Nashrga ko‘ra, Eron qonunchiligida ayollarning jamoat joylarida hijobsiz yurishi taqiqlangan. Bundan tashqari, mamlakatda ayollarning erkaklar ishtirokidagi jamoat konsertlarida yakkaxon qo‘shiq kuylashiga ham cheklovlar mavjud. Ahmadi shu talablarni buzganlikda ayblangan.
Xonanda va uning jamoasi advokatlari apellyatsiya sudidan hukmni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan, biroq sud ularning vajlarini yetarli emas deb topgan va ish bo‘yicha alohida majlis o‘tkazmasdan hukmni o‘z kuchida qoldirgan.
Shuningdek, inson huquqlari tashkilotlari 74 darra jazosini keskin qoralagan. Huquq faollari bunday jazoni inson qadr-qimmatini kamsituvchi va “qiynoq turi” sifatida baholagan.
Nashrga ko‘ra, Ahmadi ishining yangi bosqichi Eronda majburiy hijob talablariga rioya qilmayotgan ayollarga nisbatan bosim kuchaytirilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatda 2022 yildagi ommaviy noroziliklardan keyin ko‘plab ayollar jamoat joylarida hijobsiz yurishni davom ettirmoqda. Shu bilan birga, Eron sud tizimi rahbari G‘ulom Husayn Muhsini Ejeyi yaqinda majburiy hijobga qarshi chiqishlarga nisbatan yangi choralar ko‘rilishini talab qilgan.
Ahmadi va uning jamoasiga berilgan darra jazosi qachon ijro etilishi hozircha aniq emas.