Trampning ishonganlari Eron bo‘yicha maxfiy yig‘ilish o‘tkazdi – “Axios”
Olam
−
10:51 456 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli vakillari Kemp-Deviddagi Prezident qarorgohida Eron va Yamandagi husiylarga qarshi keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun maxfiy yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda uch nafar amerikalik amaldorga tayanib, “Axios” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yig‘ilishga AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens boshchilik qilgan. Unda Davlat kotibi Marko Rubio, Mudofaa vaziri Pit Xegset, Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyn ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, AQSH yuqori martabali amaldorlarining bunday uchrashuvi oxirgi marta 2025 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan. O‘sha uchrashuvdan bir necha kun o‘tib Isroil Eronga hujum qilgan.
Nashrga ko‘ra, bu yig‘ilish AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda o‘tkazilgan. Tramp joriy yilning 1 oktyabr kuni Eron bo‘yicha qaror qabul qilishi kerakligini aytib, “Eron kelishuvga imzo chekishi yoki mavjud bo‘lishdan to‘xtashi kerak”, degan. Kecha, 2 oktyabr kuni undan Eronga nisbatan keyingi qadami qanday bo‘lishi so‘ralganida:
“Agar sizga aytsam, bu juda katta yangilik bo‘lardi. Ammo barchasini o‘zingiz ko‘rasiz. Hammasi juda yaxshi ketmoqda. Eronning ishlari yomon”, degan AQSH Prezidenti.
Shuningdek, Oq uy rahbaridan Saudiya Arabistonining Yamandagi husiylarga qarshi rejalashtirilayotgan harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlash so‘ralmoqda. Saudiya tomoni Trampdan husiylarga qarshi havo hujumlarini ma’qullashni istamoqda. Biroq amerikalik amaldorlarning aytishicha, Tramp hozircha bunga rozi bo‘lishga moyil emas, ammo keyinchalik qarorini o‘zgartirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSHga yuborgan Fors ko‘rfazidagi sulhni qayta tiklash bo‘yicha so‘nggi taklifiga Vashingtondan javob olganini ma’lum qilgandi.