Ukraina yana “Yandeks”ning data-markaziga zarba berdi

Olam

−

image

Ukraina dronlari bugun, 9 oktyabrga o‘tar kechasi “Yandeks”ning Kalugadagi data-markaziga hujum qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“Data-markazning bir nechta modullari butunlay ishdan chiqdi. Shu sababli xizmatlarning bir qismi uzilishlar bilan ishlashi mumkin. Hozirda yetkazilgan zararning to‘liq ko‘lami baholanmoqda”, deyiladi xabarda. 

Kompaniya, shuningdek, hujum oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi. “Yandeks”ning Kalugadagi data-markazi “Grabsevo” industrial parkida joylashgan. U kompaniyaning eng kuchli data-markazi hisoblanib, 130 ming kvadrat metr maydonni egallaydi va ichki xizmatlarga xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, bu so‘nggi sutka ichida Ukraina Qurolli kuchlari hujumiga uchragan “Yandeks”ning ikkinchi data-markazi. Kecha, 8 oktyabr kuni Ukraina dronlari kompaniyaning Ryazan viloyati Sasovo shahridagi data-markaziga zarba bergan edi. Hujumdan so‘ng ob’ektda yong‘in chiqdi va uning faoliyati butunlay to‘xtatildi. Keyinchalik “Yandeks” uskunalarni qayta tiklash imkoniyatini tasdiqlay olmadi. Shu bilan birga, ushbu data-markazda “Yandeks” o‘z YandexGPT sun’iy intellekt modelini o‘qitish uchun foydalanadigan uchta superkompyuteridan ikkitasi joylashtirilgan edi.

Ma’lumot uchun, “Yandeks”da jami beshta data-markaz mavjud. Ulardan to‘rttasi Rossiya hududida – Sasovo, Kaluga, Mitishi va Vladimirda, bittasi esa Finlyandiyada joylashgan. Oxirgi ob’ekt sanksiyalar sababli elektr energiyasidan uzib qo‘yilgan. Bir kun avval “Yandeks” o‘zining xarita xizmatida data-markazlarning ko‘rinishini cheklab qo‘ydi. Xususan, sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida to‘rtta ob’ektning aniq tasvirlari ko‘rinmay qoldi. Bundan tashqari, kompaniya endi maydonchalarni ularning manzillari bo‘yicha data-markaz sifatida identifikatsiya qilmayapti.

Sasovodagi data-markazga qilingan hujumdan so‘ng internetning Rossiya segmentida keng ko‘lamli uzilish yuz berdi. “Sboy.rf” va Downdetector monitoring portallari ma’lumotlaridan ko‘rinishicha, nosozliklar T-bank, MTS-bank, Sovkombank va Alfa-bank, “Avito”, RJD (Rossiya temir yo‘llari), “Pyatyorochka”, “Lenta”, “Magnit”, DNS va boshqalarning xizmatlari va saytlariga ta’sir ko‘rsatdi. 9 oktyabr ertalabiga kelib, xizmatlar va saytlarning bir qismi uzilishlar bilan ishlashda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing