Ukraina va Rossiya qo‘shinlarni olib chiqishni muhokama qilmoqda
Olam
−
15 mart 2022
22308Bugun, 15 mart kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina delegatsiyalari muzokaralarida kelishuv va o‘t ochishni to‘xtatishning umumiy masalalar muhokama qilinmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi.
"Muzokaralar davom etmoqda. Asosiy muzokaralar maydonchasi bo‘yicha maslahatlashuvlar qayta tiklandi. Muzokaralar o‘tkazishning asosiy masalalari, o‘t ochishni to‘xtatish va mamlakatimiz hududidan qo‘shinlarni olib chiqish muhokama qilinmoqda”, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Kecha, 14 mart kuni onlayn formatda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muntazam muzokaralar boshlandi. Keyinroq tomonlar tanaffusga chiqqani ma’lum bo‘ldi. 15 mart kuni “Ukrainskaya pravda” nashri Kiyev delegatsiyasi a’zosi, Rada deputati David Araxamiyaga tayanib, muzokaralar qayta boshlangani haqida xabar berdi.
Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi 28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida bo‘lib o‘tgandi. Ikkinchisi 3 mart kuni Belovejskaya Pushada, uchinchisi 7 mart kuni Brest viloyatida bo‘lib o‘tdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li guvohligida muloqot qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi