Ukraina va Moldovaga YeIga nomzod maqomi berilganiga Kremldan sado chiqdi

Olam

image

Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarga allaqachon jiddiy putur yetgan, Ukraina va Moldovaga birlashmaga a’zolik uchun nomzod maqomini berish bilan munosabatlarni bundan battar yomonlashtirish mumkin emas. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 24 iyun kuni jurnalistlar savollariga javob berib, aytib o‘tdi.

“Bu, albatta, Yevropaning ichki ishlari. Biz uchun bu jarayonlar bizga va ushbu davlatlarning Rossiya bilan munosabatlarida yanada ko‘proq muammo chiqmasligi muhim. Bu muammolar shusiz ham keragidan ortiqcha”, degan Peskov Kremlning YeI qaroriga munosabati haqidagi savolga javoban.

U bu jarayonlar Yevropa bilan munosabatlarni yanada yomonlashuviga olib kelmasligi ham muhimligini qo‘shimcha qilgan.

“Negaki ularni (munosabatlar –tahr.) yanada buzish juda qiyin, ular shundoq ham zarar ko‘rgan”, degan Kreml vakili.

Peskov Ukraina haqida gapirish o‘rinsiz ekanini aytib, Moldova ham yevropalik bo‘lmoqchiligiga e’tibor qaratgan.

“Bu yerda Ukraina haqida aytadigan gap yo‘qligini ko‘ryapmiz, hamma narsa aniq, lekin hozir biz yevropaliklarning o‘zidan ko‘ra ko‘proq yevropalik bo‘lishni istaydigan Moldovani ham ko‘rib turibmiz. Ko‘p jihatdan, uning [Moldova] nomzodlik maqomi negadir ruslarga qarshi munosabat bilan bog‘lanyapti. Ularga qanchalik ko‘p ruslarga qarshi bo‘lishsa, yevropaliklarga shunchalik yoqadigandek tuyuladi. Biz haqiqatan ham bunday bo‘lishini xohlamaymiz”, deydi Putinning matbuot kotibi.

Shu munosabat bilan u 20 yil muqaddam Turkiyada diplomat bo‘lib ishlaganini eslagan.

“O‘shanda Turkiyada ham umid uyg‘otdi va Yevropa Ittifoqi [a’zoligi]ga nomzod bo‘ldi. U Yevropaning organik qismiga aylanish, kulrang zonani tark etish hamda Yevropa va Osiyo tutashgan joyda Yevropaning qismiga aylanish uchun ham ko‘p narsadan voz kechishga tayyor edi. Lekin Turkiyaning bu nomzodlikdan uzoqqa bormaganini, ayni paytda u suveren mustaqil davlatga aylanganini ko‘ryapmiz”, deya eslagan Peskov.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyun kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning davlat va hukumat rahbarlari Bryusseldagi sammitda Ukraina va Moldovaga hamjamiyatga a’zo bo‘lish uchun nomzodlar maqomi berilishini ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Ukraina

Baholaganlar

608

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing