Ukraina urushda ilk bor sun’iy intellektli dronlardan foydalandi
Olam
−
03 Sentabr 2025 7648 2 daqiqa
Ukraina jang maydonida ilk bor sun’iy intellekt yordamida dron to‘dasini boshqaradigan texnologiyani qo‘lladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning bildirishicha, bu usul kelajakdagi urushlarning eng muhim belgilaridan biri sifatida qaralmoqda, chunki u bir vaqtning o‘zida o‘nlab, hatto minglab dronlarni dushman mudofaasiga qarshi yuborish imkonini beradi.
Ukraina armiyasi ofitserlari va dasturni ishlab chiqqan Swarmer startapi vakillarining ma’lum qilishicha, so‘nggi bir yil davomida frontda keng ko‘lamli dron hujumlari amalga oshirilgan. Bu tajriba zamonaviy urushlarda dronlardan muntazam foydalanishning ilk amaliy namunasiga aylangan.
Swarmer dasturi dronlarning o‘zaro birgalikda ishlashini ta’minlaydi. Masalan, qaysi dron birinchi bo‘lib hujumni boshlashini belgilaydi yoki birining batareyasi tugasa, qolganlari darhol vazifani o‘z zimmasiga oladi.
“Siz faqat maqsadni ko‘rsatasiz, qolganini dronlar o‘zlari bajaradi – ular jamoa sifatida ishlaydi va tez moslashadi”, deya ta’kidlagan dasturni ishlab chiqqan kompaniya rahbari.
Texnologiya avvaliga minalarni joylashtirishda qo‘llangan, keyinchalik esa Rossiya texnikasi va infratuzilmasiga zarba berishda ishlatilgan. Odatda zarba berishda 3-8 dron ishtirok etgan bo‘lsa-da, sinovlarda 25 tagacha dron qo‘llangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Janubiy Koreya ham shunday texnologiya ustida ishlamoqda. Ammo Ukraina bu tizimni real jang maydonida muntazam tatbiq qilgan ilk davlat sifatida qayd etildi. AQSHda esa ilk sinovlar 2016 yilda uchta qiruvchi samolyotdan yuzdan ortiq kichik dronlarni uchirish orqali o‘tkazilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Quantum Systems kompaniyasi Ukrainada maxfiy ishlab chiqarish sexlarini yo‘lga qo‘ygandi. Bu yo‘l orqali kompaniya dron ishlab chiqarishni oyiga 40 donadan 80 donagacha oshirishga muvaffaq bo‘lgan.
Live
Barchasi