Ukraina Rossiyaning ichkarisiga zarbalarni ko‘paytiradi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat kuchlari Rossiya hududining ichkarisiga qaratilgan zarbalarni kengaytirishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

Zelenskiyning aytishicha, bu masala kecha, 27 oktyabr kuni Oliy bosh qo‘mondon shtabi yig‘ilishida muhokama qilingan.

“Asosiy mavzu – Rossiyaga nisbatan uzoq muddatli sanksiyalar qo‘llash imkoniyati edi. Biz muayyan davr ichida amalga oshirilgan zarbalar samaradorligini tahlil qildik. Rossiyaning neftni qayta ishlash sohasi allaqachon urush uchun ancha katta narx to‘lamoqda va bu narx yanada oshadi. Endi esa uzoq masofali zarbalarimizni yanada keng hududda amalga oshirish vazifalari belgilandi”, deya yozgan Zelenskiy. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda ilk bor uzoq masofali qurollar – dron, raketa ishlab chiqaruvchilar, ularni amalda qo‘llash va moliyalashtirish uchun mas’ullar, shuningdek diplomatlar bir joyda to‘plangan. Eng samarali ishlab chiqaruvchilar bilan uch yillik uzoq muddatli shartnomalar imzolanmoqda va ularning soni ortib boradi.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiyaning ichkarisiga beriladigan zarbalar bo‘yicha barcha topshiriqlar yil oxirigacha to‘liq bajarilishi kerak, bu esa uzoq masofali zarbalar hududini kengaytirishni ham o‘z ichiga oladi.

Manbalarga ko‘ra, Ukraina yaqin kunlarda Britaniyaning Storm Shadow qanotli raketalari yordamida Rossiya hududiga yana zarbalar berishni rejalashtirgan. Bu raketalar 290 km dan ortiq masofaga uchadi. 21 oktyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyatidagi kimyo zavodiga – porox, portlovchi modda va raketa yoqilg‘isi komponentlarini ishlab chiqaruvchi ob’ektga Storm Shadow orqali zarba bergan edi.

Qolaversa, Ukraina Mudofaa vazirligi iyun oyida Rossiyaga qarshi uzoq masofali zarbalar soni va ko‘lamini bir necha baravar oshirishni rejalashtirganini bildirgan edi. Buning uchun o‘n minglab zarba beruvchi dronlardan foydalanilishi kutilmoqda. Avgust oyidan boshlab Ukraina Rossiya sanoatiga, jumladan, neftni qayta ishlash zavodlari va infratuzilmasiga zarbalar bera boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlar hisobidan Ukrainaga 100-150 dona JAS 39 Gripen E qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi. Ushbu modeldagi bitta qiruvchi samolyotning narxi taxminan 85 million dollarni tashkil etadi. 100 ta bunday buyurtma 8,5 milliard dollarga tushadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy Storm Shadow

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing