Ukraina Rossiya bilan Istanbulda muzokara o‘tkazishga tayyor – Yermak
Olam
−
30 may 2025 4013 2 daqiqa
Ukraina kelasi hafta Istanbulda Rossiya bilan muzokaralarning yangi bosqichini o‘tkazishga tayyor. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ma’lum qildi.
Shuningdek, u Kiyev konstruktiv muhokama o‘tkazmoqchi ekanini va buning uchun muzokaralar oldidan Rossiya delegatsiyasidan o‘t ochishni to‘xtatish shartlari bo‘yicha memorandum olish muhimligini ta’kidladi.
AFP'ning qayd etishicha, bu talab Ukrainaning muzokaralarda ishtirok etishining rasmiy sharti ekani hali aniq emas.
28 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Ukrainaga 2 iyun kuni Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi raundini o‘tkazishni taklif qilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, Moskva “inqirozning asl sabablarini ishonchli tarzda bartaraf etishning barcha jihatlari bo‘yicha” o‘z pozitsiyasini ifodalovchi memorandum tayyorlagan, bu haqda tomonlar muzokaralarning birinchi raundida kelishib olgan.
Ukraina Rossiya hujjatni oldindan topshirishni talab qilmoqda. Ukraina delegatsiyasi rahbari, Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov 28 may kuni uchrashuvlar “natija berishi kerak”, shuning uchun ularning har biriga tayyorgarlik ko‘rish zarur, buning uchun Kiyev Rossiya pozitsiyasini tushunishi kerakligini aytdi. U Ukraina pozitsiyasi aks etgan hujjatni allaqachon Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiyga topshirganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Umarov “Rossiya tomoni jo‘nab ketishiga yana kamida to‘rt kun qolganida bizga o‘z hujjatini ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi kerakligi”ni ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida so‘nggi uch yil ichida ilk uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuv davomida tomonlar “1000 ga 1000” formatida harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha eng yirik kelishuvga erishdi. Shuningdek, tinchlik kelishuvi shartlari bo‘yicha memorandum ustida ish boshlashga kelishildi.
Uchrashuvdan so‘ng Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov navbatdagi muhim qadam sifatida Prezidentlar Zelenskiy va Putin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishini aytib o‘tdi.
Live
Barchasi