Ukraina Rossiya hududiga birinchi marta Britaniyaning Storm Shadow raketalarini uchirdi – OAV
Olam
−
20 noyabr
13241Ukraina Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun birinchi marta Britaniyaning uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalandi. Bu haqda manbalariga tayanib, "The Guardian" va "Bloomberg" xabar berdi.
Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning matbuot kotibi bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.
"The Telegraph" nashrining aniqlik kiritishicha, Kursk viloyatidagi Marino qishlog‘i aholisi Storm Shadow raketasi parchalarini aniqlagan.
Storm Shadow'ning taxminiy vayronalari fotosuratlari, xususan, Rossiyaning urush tarafdori bo‘lgan "Dva mayora" Telegram-kanali tomonidan ham e’lon qilindi.
Bugun, 20 noyabr kuni tushdan keyin Kursk viloyati gubernatori Aleksey Smirnov havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning ikkita raketasini urib tushirganini ma’lum qildi. U raketalar turiga aniqlik kiritmadi. "Dva mayora" Telegram-kanali esa Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyati yo‘nalishi bo‘yicha 12 tagacha Storm Shadow raketalarini otganini da’vo qildi.
Ukrainaning "Defense Express" nashrining yozishicha, Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi Baryatinskiy knyazlarining tarixiy mulki tomon Storm Shadow raketalarini otgan. Hozirda bu mulk Rossiya Prezidenti ma’muriyati uchun sanatoriy hisoblanadi. "Defense Express" u yerda chuqurlashtirilgan qo‘mondonlik punkti bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda, undan Kursk viloyatidagi rus qo‘shinlari guruhi qo‘mondonligi va Shimoliy Koreya generallari foydalanishi mumkin.
Bugun, 20 noyabr kuni chop etilgan "The Times" gazetasining yozishicha, Buyuk Britaniya hukumatidagi yuqori martabali manbalar Ukrainaning Rossiyaga zarba berish uchun Britaniyaning uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga oid AQSH cheklovlari olib tashlanganiga “ishora qilgan”.
Kecha, 19 noyabr kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bryansk viloyatidagi qurol-yarog‘ omboriga hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi. Keyinroq “RBK-Ukraina” nashri Ukraina armiyasidagi manbasiga tayanib, hujum Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida amalga oshirilganini ma’lum qildi. Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyadagi nishonlarga nisbatan birinchi marta uzoq masofali Amerika raketalarini qo‘llagan.
Ko‘p o‘tmay, Rossiya Mudofaa vazirligi 19 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyatidagi harbiy ob’ektga oltita uzoq masofali ATACMS raketalari bilan hujum qilganini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Amerika matbuoti 17 noyabr kuni Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat bergani haqida xabar bergandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, Moskvaning javobi adekvat va aniq bo‘lishini bildirdi.
LiveBarchasi