Ukraina mardonavor harakat qildi – Kellogg
Olam
−
04 iyun 8075 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Ukraina tomonidan Rossiyadagi harbiy aerodromlarga uyushtirilgan hujumni “juda jasur harakat” deb atadi. Bu haqda u kecha, 3 iyun kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Kelloggning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning harakatlari anchagina dadil, ammo bu voqea mojaroning keskinlashish xavfini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
“Xavf darajasi ancha oshdi. Dam olish kunlari yuz bergan voqea haqida gapiryapmiz. Odamlar tushunishi kerak – bu milliy xavfsizlik bilan bog‘liq. Agar siz dushmanning omon qolish tizimining bir qismini – yadroviy triadasini nishonga olsangiz, qanday javob bo‘lishini bilmaysiz. Bu xavfni oshiradi”, degan Kellogg.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning ushbu harakatlari uning taslim bo‘lmasligi va mardonavor kurashishini anglatadi.
“Ukrainaning bu harakati ularning taslim bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Ammo xavf qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga yetishi mumkin. Biz aynan shunday holatdan qochishga harakat qilyapmiz”, degan AQSH vakili.
Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri”
Ukraina 1 iyun kuni Rossiya harbiy aerodromlariga uchuvchisiz dronlar yordamida amalga oshirilgan yirik hujum – “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy murojaatida operatsiyasida ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirdi. Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi davomida Rossiya strategik aviatsiya samolyotlarining 34 foizi zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar ko‘rgan samolyotning taxminiy umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan. Operatsiya bir yarim yil davomida tayyorlangan.
Zelenskiyning pozitsiyasi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga yetkazilgan yo‘qotishlar va ularning harbiy salohiyatining kamayishi mamlakatni chinakam diplomatiyaga qaytishga majbur qilishi kerak, deb hisoblaydi. Buni u “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasidan keyin bergan bayonotida ham aytib o‘tdi.
“Yevropa va AQSH Rossiyaga qaraganda yaxshiroq qurollarga ega. Shuningdek, bizda kuchliroq taktik qarorlar bor. Bizning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyamiz buni isbotladi. Rossiya yo‘qotishlar nimani anglatishini tushunishi kerak. Aynan mana shu uni diplomatiyaga undaydi”, degan Zelenskiy.
Xullas, Zelenskiy tomonidan abjirona tayyorlangan “O‘rgimchak to‘ri” o‘z vazifasini o‘tadi. Ukraina Rossiyaga qisman bo‘lsa-da, yo‘qotishlar nima ekanini sezdirdi.
Live
Barchasi