Ukraina Kurskdagi aerodromga ATACMS raketalari bilan zarba berdi – OAV
Olam
−
25 noyabr
12287Bugun, 25 noyabr kuni Ukraina Kursk viloyatiga ATACMS raketalari bilan hujum uyushtirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan "Fighterbomber" Telegram-kanali xabar berdi.
Kanal Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi aerodromga sakkizta ATACMS raketasi bilan zarba berganini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbadan maqsad nima bo‘lgani noma’lum, chunki "uzoq vaqtdan beri u yerda aviatsiya yo‘q edi va bunday hujumlar bilan aerodromga zarar yetkazish mumkin emas".
Tez orada Telegram-kanallarida zarbalar aks etgan videolar paydo bo‘ldi.
Ukrainaning “KіberBoroshno” loyihasi kadrlar geolokatsiyasini aniqladi va zarbalar Kurskdan 10 kilometr uzoqlikdagi Xalino aviabazasi joylashgan Kursk Vostochniy aerodromiga berilgan degan xulosaga keldi.
Havo hujumidan mudofaa to‘xtatuvchi raketalar ilgari uchirilgan joyda kamida yana ikkita kassetali o‘q-dorilar zarbasi ko‘rinadi. Hammasi bo‘lib, kadrlarda kassetali qismga ega kamida beshta ATACMS raketasi kelgani ko‘rsatilgan.
Videolardan biri suratga olingan joy Kursk chekkasida, Xalino aerodromi yaqinidagi Yevropa supermarketi yaqinida joylashgan.
“Voyenniy osvedomitel” Telegram-kanalining yozishicha, raketalar “Kursk viloyatidagi o‘sha Xalino aerodromiga hujum qilgan, u yerda aviatsiya uchun temir-beton boshpanalar jadal sur’atlar bilan qurilmoqda”. Shuningdek, kanal raketa hujumlari tahdidi tufayli Rossiya chegara aerodromlaridagi samolyotlar mamlakat ichkarisiga ko‘chirilganini da’vo qilmoqda.
Jo Bayden ATACMS raketalaridan foydalanishga ruxsat berganidan bir hafta o‘tib, aerodromda samolyotlar uchun yangi boshpanalar qurilgani haqida sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganuvchi Frontelligence Insight loyihasi xabar berdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi 25 noyabr kungi yangilanishida havo hujumidan mudofaa tizimlari sakkizta ballistik raketani urib tushirgani e’lon qilindi, lekin ular urib tushirilgan mintaqa va ularning turiga aniqlik kiritilmadi. Kursk viloyati gubernatori Aleksey Smirnov 25 noyabr kuni ertalab Ukrainaning yettita raketasi urib tushirilgani haqida yozdi.
Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyati Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida zarba bergandi. Bu bilan Ukraina Rossiyadagi nishonlarga nisbatan birinchi marta uzoq masofali Amerika raketalarini qo‘lladi. 20 noyabrda esa Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi nishonga birinchi marta Britaniyaning Storm Shadow raketalarini otgani xabar qilindi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, Moskvaning javobi adekvat va aniq bo‘lishini bildirgandi. 21 noyabr kuni Rossiya o‘zining o‘rta masofali “Oreshnik” ballistik raketasini Ukrainadagi ob’ektga qarata uchirdi.
LiveBarchasi