Ukraina kelasi hafta Xersonni qaytarib olishi mumkin – FT
Olam
−
14 Oktabr 2022
7540Ukraina kelasi hafta Xerson shahrini Rossiyadan qaytarib olishi va Dneprning o‘ng qirg‘og‘ini ozod qilishi mumkin. Bu haqda “Financial Times” nashri G‘arb harbiylarining frontdagi vaziyat tahliliga tayanib, xabar bermoqda.
Ukraina qo‘shinlarining Xerson viloyatiga hujumi avgust oyining oxirida boshlangan. Shu oyning boshida Ukraina Qurolli Kuchlari frontni yorib o‘tishga va ilgari Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan hududga sezilarli darajada chuqur kirib borishga muvaffaq bo‘ldi. Bugungi kunga kelib Xerson viloyatining shimolidagi front viloyat markaziga qarab 30 km dan ortiq masofaga siljigan.
13 oktyabr kuni Ukraina armiyasi qo‘mondonligi ushbu yo‘nalishdagi yana beshta aholi punkti ozod qilinganini ma’lum qildi.
Ayni paytda Xerson viloyatining bosib olingan qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan rahbar Vladimir Saldo mahalliy aholini “evakuatsiya qilish”da yordam so‘rab Moskvadagi rasmiylarga murojaat qilgan va bunga RF hukumati rozi bo‘lgan.
Britaniya razvedkasiga ko‘ra, bu qaror ruslar qarshi hujum Xersonning o‘ziga ham tarqalishini kutishayotganidan dalolat beradi.
Qayd etish joizki, Xerson Ukraina hududiga 24 fevralda boshlangan “maxsus harbiy operatsiya”dan keyin rus qo‘shinlari qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan Ukrainaning yagona mintaqaviy markazidir.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi