Ukraina Qrimdagi ko‘prikka zarba berdi – Rossiya rasmiylari

Olam

image

Bugun, 22 iyun kuni Qrimni janubiy Xerson viloyatining Rossiya nazoratidagi qismlari bilan bog‘lovchi Chongar yo‘l ko‘prigiga zarba berildi. Bu haqda “Aljazeera” xabar berdi.

Aytilishicha, hududdagi uchta ko‘prikdan biri shikastlangan. Rossiya rasmiylari bu ishda Ukrainani ayblamoqda. 

“Qrim darvozasi” deb atalgan Chongar ko‘prigi 2014 yilda Rossiya Ukrainadan anneksiya qilib olgan Qrim va materik Ukraina o‘rtasidagi bog‘lovchilardan biri hisoblanadi.

Rossiyalik tergovchilar Ukraina kuchlari tomonidan ko‘prik tomon to‘rtta raketa uchirilganini ta’kidlagan.  Harbiy tergovchilar vakilining bildirishicha, raketalardan birining qoldiqlarida topilgan belgilar uning Fransiyada yasalganligini ko‘rsatadi.

Rossiya tomonidan tayinlangan Xerson gubernatori Vladimir Saldo esa Ukraina hujum uchun Britaniya tomonidan yetkazib berilgan Storm Shadow qanotli raketalaridan foydalanganini taxmin qilmoqda.

“Kiyev terrorchilari Xerson aholisini qo‘rqitib, ular o‘rtasida vahima uyg‘otmoqchi, ammo ular buning uddasidan chiqa olmaydi. Biz ko‘priklarni tezda ta’mirlaymiz: avtomobillar o‘tish joyi juda yaqin vaqt ichida tiklanadi. Dushmanning har bir harakatiga javobimiz bor. Xerson viloyati va Qrim o‘rtasidagi aloqa uzilmadi – avtotransport harakati uchun vaqtinchalik zaxira yo‘nalish tashkil etildi”, deb yozgan u Telegram-kanaliga.

Kiyev esa Qrimni qaytarib olmoqchi va Rossiya harbiylarini bu hududdan chiqarib yubormoqchi ekanini ma’lum qilgan. Xerson viloyati rahbariyatining ukrainalik rasmiysi Yuriy Sobolevskiyning aytishicha, hujum "bosqinchilarning harbiy moddiy-texnika ta’minotiga zarba” bo‘lgan.

“Bosqinchilar va bosqinchi davlatga psixologik ta’sir ko‘rsatish juda muhim. Ular Xerson viloyati hududida o‘zlarini xavfsiz his qila olmaydi”, deya ta’kidlagan Sobolevskiy. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Qrim ko‘prigining Taman yarimoroli tomonida yuk mashinasi portlatib yuborilgan edi.

Sevara Husniddinova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qrim ko'prik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing