Xitoy-KXDR chegarasidagi 12 yil avval qurilgan ko‘prik endi ochiladi – OAV

Olam

−

image

Xitoy yaqin kunlarda Shimoliy Koreya bilan bog‘lovchi, 2014 yilda qurib bitkazilgan, ammo shu kungacha foydalanilmagan yangi ko‘prikni ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda koreyashunos tarixchi Andrey Lankov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, kecha, 5 oktyabr kuni ko‘prikda yoritgichlar yoqilgan va unda avtomobillar harakatlanmoqda.

“Ko‘prikning rasmiy ochilish marosimi hozircha o‘tkazilgani yo‘q, ammo 12 yil davomida kichik geosiyosiy jumboq bo‘lib kelgan ko‘prik nihoyat ishga tushganga o‘xshaydi”, deydi u.

“Seoul Economic Daily” nashri ham Xitoyning Dandun shahri va KXDRning Siniyju shahrini bog‘lovchi Yalu (Amnokkan) daryosi orqali o‘tgan ko‘prik ochilishga yaqin ekani haqida yozmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr o‘rtalaridan beri ushbu ko‘prikdan bir necha bor avtomobillar o‘tgan. Bugun, 6 oktyabr kuni voqea joyidan e’lon qilingan reportajda nashrning xabar berishicha, Dandundagi ko‘prik atrofidagi hudud so‘nggi vaqtlarda faol ravishda obodonlashtirilgan: u yerda o‘nlab qahvaxonalar, jumladan, Starbucks va McDonald’s hamda ovqatlanish furgonlari paydo bo‘lgan. Mahalliy taksi haydovchisi jurnalistlarga so‘nggi haftalarda u yerda sayyohlar soni keskin ortganini aytgan. 

Ko‘prik yaqinidagi bo‘sh maydonda davlat raqamisiz o‘nlab yuk avtomobillari turibdi. “Seoul Economic Daily” manbasining aytishicha, bu mashinalar, katta ehtimol bilan, KXDRga sotish uchun mo‘ljallangan. 

“Bu BMT sanksiyalari bilan taqiqlangan, biroq so‘nggi paytlarda Xitoy bunga ko‘z yumayotganga o‘xshaydi”, dedi nashr suhbatdoshi.

Shimoliy Koreya haqidagi AQSHning “NK News” portali sentyabr oxirida Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida topilgan, ko‘prik bo‘ylab harakatlanayotgan yuk mashinalari fotosuratlarini e’lon qilgan.

Ko‘prik qurilishi 2011 yilda boshlangan bo‘lib, uning uzunligi uch kilometrni tashkil etadi. Yo‘l qismi to‘rtta polosadan (har bir yo‘nalishda ikkitadan) iborat. Lankovning yozishicha, loyihani Xitoy tomoni moliyalashtirgan va u 12 yil davomida ob’ektni ta’mirlash va saqlab turish bilan shug‘ullanib kelgan. Olimning so‘zlariga ko‘ra, loyiha muzlatib qo‘yilganining aniq sabablari noma’lum, ammo mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani sababli Pxenyan ko‘prikning ochilishiga qarshi chiqqan.

“Biroq hozirda vaziyat tubdan o‘zgardi. Ehtimol, yana bir necha o‘n yillar davom etadigan AQSH-Xitoy qarama-qarshiligi sharoitida Xitoy hukumati to‘satdan Xitoy chegaralari yaqinidagi eng muhim strategik bufer zonasiga aylangan Shimoliy Koreya bilan urishib qolishga yo‘l qo‘ya olmaydi. Bundan tashqari, Xitoy Rossiya va KXDRning yaqinlashuviga ham ko‘z yuma olmaydi. Aslida, bu yaqinlashuv Xitoyga to‘g‘ridan to‘g‘ri noqulaylik tug‘dirmaydi, balki shunda ham Pekinda bu bo‘yicha muayyan noqulaylik his qilinmoqda. Shunday qilib, katta ehtimol bilan Si Szinpinning shu yil bahorida Pxenyanga qilgan davlat tashrifi chog‘ida ko‘p aziyat chekkan ushbu ko‘prikni ochish qarori ham kelishib olingan (qanday shartlarda ekanini o‘n yillardan keyin bilamiz, ammo nimadir menga shimoliy koreyaliklar arzonga ko‘nmaganini aytmoqda)”, deydi Lankov.

Ma’lumot uchun, shu kungacha Xitoy va KXDRni Yalu orqali o‘tgan, 1943 yilda qurilgan yagona ko‘prik bog‘lab turar edi. Mamlakatlar o‘rtasidagi jami tovar aylanmasining taxminan 70–80 foizi aynan shu ko‘prik orqali o‘tgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing