Ukraina qarshi hujum rejalarini ittifoqchilaridan yashirmoqda – “Politico” 

Olam

image

Ukraina maxfiy ma’lumotlarning internetga sizdirilishi mumkinligidan shubhalanayotgani bois yaqinda kutilayotgan qarshi hujum bo‘yicha rejalarini ittifoqchilaridan yashirmoqda. Bu haqda “Politico” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Kiyev yaqinda Pentagonning maxfiy ma’lumotlari tarqalib ketgani sabab qarshi hujum bo‘yicha rejalarni, jumladan, hujumning qachon boshlanishi, qancha qo‘shin qayerga joylashtirilishi haqidagi ma’lumotlarni ittifoqchilari bilan bo‘lishishni istamayapti. 

Pentagonning internetga sizdirib yuborilgan maxfiy hujjatlarida urushga oid muhim tafsilotlar, xususan, Ukraina qo‘shinlarining pozitsiyasi, qurol-yarog‘ zaxirasi va qurbonlar hisobi keltirilgan edi. Masalan, unda Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarining o‘q-dorilari tugayotgani, G‘arb ularning o‘rnini bosuvchi snaryadlarni qisqa vaqtda yetkazib berolmasligi aytilgandi. May oyida agar vaziyat o‘zgarmasa, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi falajlanib qolishi va oqibatda qarshi hujum kutilgan natijani bermasligi mumkinligi ma’lum qilingandi. 

AQSH va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Ukrainani kelajakda bunday holat boshqa takrorlanmasligiga ishontirishga urinayotgan bo‘lsada, Kiyev uni urush davomida zarur qurol-yarog‘lar bilan ta’minlagan ittifoqchilariga asosiy razvedka ma’lumotlarini oshkor qilishga shoshilmayapti. 

Xabarlarga ko‘ra, qarshi hujum rejasidan Ukrainada faqatgina bir necha odamning xabari bor, xolos. 

AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, AQSH hamon Ukrainani muhim razvedka ma’lumotlari bilan qo‘llab-quvvatlamoqda, ularning ma’lumot almashinuvi oldingidek davom etmoqda. 

Biroq Bayden ma’muriyatining boshqa rasmiylari Ukraina hech qachon harbiy rejalarini to‘liq ochiqlamaganini, shuning uchun ham Vashington Kiyev ularni qarshi hujumning qachon boshlanishi haqida aniq xabardor qilishiga ishonmasligini ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pentagon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing