Ukraina inqirozi kasriga Yevropada gaz qimmatlashyapti

Olam

image

Yevropada gaz narxi bugun, 14 fevral kuni savdolar ochilishida Ukraina atrofida kuchayib borayotgan taranglik fonida yanvar oyi oxiridan beri birinchi marta 1000 kub metr uchun 1000 dollardan oshdi. Gaz narxining umumiy o‘sishi London ICE birjasiga ko‘ra, taxminan 13,7 foizni tashkil qildi.

Niderlandiyadagi TTF markazida mart fyucherslari narxi 1000 kub metr uchun 1031,8 dollargacha ko‘tarildi yoki MVt/soat uchun 88 yevro.

Ayni vaqtga kelib gaz narxi 1000 kub metr uchun 980 dollargacha pasaydi.

Sharqiy Yevropada vaziyat keskinlashgani fonida Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti ham pastligicha qolmoqda - o‘tgan haftadan boshlab gaz yetkazib berish 97 million kub metrdan 51,8 million kub metrgacha kamaydi. 

Gazprom gazini Yamal-Yevropa quvuri orqali Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish hali ham to‘xtab turibdi. Rossiya xoldingi 2021 yil 21 dekabrda yevropalik iste’molchilarning arizalari yo‘qligi sababli Yamal-Yevropa gaz quvuri orqali oldinga yo‘nalishda Yevropaga gaz yetkazishni to‘xtatgan.

Ma’lumot uchun, Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Ukraina

Baholaganlar

232

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing