Ukraina G‘arbdan yana 16 mlrd “shilmoqchi”

Olam

image

Joriy yilning oxirigacha Ukraina G‘arb hamkorlaridan yana 12-16 milliard dollar olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Moliya vaziri Sergey Marchenko RBC-Ukrainaga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Hammasi muzokaralar muvaffaqiyatiga bog‘liq, moliyaviy yordam 30 milliard dollargacha bo‘lishi mumkin. Biz allaqachon 14 milliard dollar oldik, yil oxiriga qadar yana 12-16 milliard dollar olishimiz ehtimoli bor”, deydi vazir.

Sergey Marchenkoning ta’kidlashicha, 24 fevral kuni boshlangan Rossiya bosqinining yangi bosqichi ukrainaliklar hayotini va Hukumatning ustuvor yo‘nalishlarini butunlay o‘zgartirib yuborgan.

“Rasmiylar armiyaga bir necha baravar ko‘proq mablag‘ sarflay boshladi, shu bilan birga byudjet daromadlari halokatli darajada qisqardi”, deydi Marchenko.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, sentyabr oyida Hukumat Yevropa Ittifoqidan makromoliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturidan tushadigan tushumlarni kutmoqda. Hammasi bo‘lib, dastur bo‘yicha Kiyev 8 milliard yevro olishi kerak — pul bir necha transhda o‘tkaziladi. U makromoliyaviy yordam Ukraina tomonidan to‘liq qabul qilinishiga umid bildirdi.

Shuningdek, Marchenko mamlakatda iste’mol darajasi ancha yuqori darajada qolayotganini qo‘shimcha qildi.

“Ko‘pchilik ketganiga qaramay, iste’mol darajasi hamon yuqori. Iste’mol darajasi iqtisodiyotni va iqtisodiy jarayonlarni boshqaradi. Ha, biz 5 milliondan 9 milliongacha potensial iste’molchilarni yo‘qotdik, ammo bu iqtisodiy jarayonlarni to‘xtatib qo‘ymadi”, deydi u.

Ukrainada inflyatsiya ko‘rsatkichi urushdan oldingi davrga nisbatan ancha yuqori ekaniga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Inflyatsiya ko‘rsatkichi 10 foizga yaqinlashayotgan boshqa mamlakatlar – Yevropa, AQSH bilan solishtirganda, bizda 22,2 foizlik inflyatsiya unchalik qo‘rqinchli emas. Ya’ni, bu inflyatsiya ko‘rsatkichi urush davom etayotgan mamlakatda qayd etilishi tabiiy hol”, deydi Marchenko.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 avgust kuni AQSH Hukumati Ukrainaga byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 4,5 milliard dollar ajratishini e’lon qildi. Mablag‘lar Davlat departamenti tuzilmasida faoliyat yurituvchi Xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan ajratiladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yevropa mamlakatlari allaqachon Rossiya neftini yetkazib berishni almashtirishni boshlagan. Misol uchun, may oyining oxirida Birlashgan Arab Amirliklari ikki yillik tanaffusdan so‘ng Yevropaga neft yetkazib berishni tikladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing