Ukraina G‘arb uchun “jangovar laboratoriya”ga aylandi – Ben Uolles
Olam
−
19 iyul 2023 7987 2 daqiqa
Ukraina o‘zi uchun ham, G‘arbdagi hamkorlari uchun ham “jangovar laboratoriya”ga aylantirildi. Bu fikrni Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning qayd etishicha, ukrainaliklar va ularning g‘arbiy ittifoqchilari rus askarlariga qarshi kurashish uchun yangi qurol va texnologiyalarni sinab ko‘rishyapti.
Uollesning so‘zlariga ko‘ra, omon qolish ishtiyoqi ukrainaliklarni ittifoqchilar taklif qilayotgan yangi qurol va modifikatsiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun tinchlik davridagi me’yor va qoidalardan voz kechishga majbur qilmoqda.
“Ular tavakkal qilib bilmagan narsalari bilan tajriba o‘tkazishmoqda. Ukraina “jangovar laboratoriya”ga aylandi. Men bunga sabab bo‘lgan holatlardan afsusdaman. Ammo bu XXI asrda yangi jang maydonida qanday harakat qilishimiz kerakligini ko‘rsatdi”, deydi Uolles.
Nashrning qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi avvalida britaniyalik qurolsozlar Brimstone tankka qarshi raketasini Ukraina voqeligiga moslashtira oladimi deb hayron bo‘lishgan.
Ushbu raketalar Britaniya samolyotlari va dronlaridan uchirilishi uchun mo‘ljallangan. Shu sababli, ushbu raketalar uchun Ukrainada juda ko‘p bo‘lgan an’anaviy yuk mashinalaridan ishga tushirish moslamasini yaratishga qaror qilingan.
Ukrainadagi Brimstone raketalari
O‘tgan yilning aprel oyida Britaniya Ukrainaga o‘zining Brimstone yer-havo raketalarini yetkazib berishini e’lon qilgan edi. Bir oy o‘tgach, Britaniya matbuoti bu raketalar o‘sha paytda eng qaynoq nuqtaga aylangan Donbass uchun jang yo‘nalishini o‘zgartirganini yozgan.
Shundan so‘ng, inglizlar Ukrainaga turli xil modifikatsiyadagi ushbu raketalarning yangi partiyalarini yetkazib berdi.
Live
Barchasi