Britaniyada Energetika vaziri Mudofaa vazirligiga rahbar bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 31 avgust kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles lavozimini tark etib, uning o‘rniga shu paytgacha Energetika vaziri sifatida ishlab kelayotgan Grant Shapps tayinlandi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumati saytida ma’lum qilindi.

2019 yil iyulidan beri Britaniya Mudofaa vazirligini boshqarib kelayotgan Ben Uolles joriy yilning iyul oyida Bosh vazir Rishi Sunak tomonidan rejalashtirilgan navbatdagi o‘zgarishlar paytida Vazirlar Mahkamasidan ketish niyatida ekanini e’lon qilgan. O‘shanda sobiq vazir siyosatdan charchaganini qayd etgan. Bugun, 31 avgust kuni esa uning Sunak nomiga yozgan o‘z iste’fosi haqidagi maktubi e’lon qilingan.

U o‘z maktubida o‘ta bandligi tufayli e’tiborsiz qoldirgan shaxsiy hayotiga vaqt ajratishni va “o‘zi uchun yangi imkoniyatlarni kashf qilishni” istayotganini takrorlagan.

Sunak esa 53 yoshli Uollesning deyarli 9 yil yuqori davlat lavozimlarida ishlaganidan so‘ng nafaqaga chiqish istagini to‘liq tushunishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Ben Uolles 2016-2019 yillarda Buyuk Britaniya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 2019 yil 24 iyuldan Mudofaa vazirligi rahbari lavozimiga kirishgan. U sobiq bosh vazir Boris Jonson tomonidan tayinlangan va Liz Trass hamda Rishi Sunak hokimiyatida ham o‘z lavozimini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

“The Times” nashrining yozishicha, Uollesning bu qaroriga Oq uy uning nomzodini NATOning yangi Bosh kotibi lavozimiga qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Ben Uolles o‘rniga tayinlangan Grant Shapps esa beshinchi marta vazir bo‘ldi. 44 yoshli siyosatchi 2019-2022 yillarda transport vaziri, 2022-2023 yillarda Biznes, energetika va sanoat strategiyasi vaziri hamda Liz Trass hukumatida bir hafta davomida Ichki ishlar vaziri bo‘lgan. 
Shapps London markazidan 30 km uzoqlikda joylashgan Rikmensvortda (Hertfordshir) yahudiy oilasida tug‘ilgan. U Manchester politexnika institutining iqtisod va moliya fakultetini tamomlagan. O‘qishni tamomlaganidan so‘ng u shaxsiy biznes bilan shug‘ullangan, veb-saytlarni ishlab chiqqan hamda marketing va dizayn sohasida xizmatlar ko‘rsatadigan PrintHouse korporatsiyasiga asos solgan.

Uning Britaniya parlamenti Jamoatchilik palatasiga kirishga birinchi ikki urinishi – 1997 va 2001 yilgi saylovlarda muvaffaqiyatsiz tugagan. Biroq 2005 yilda u saylovda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan va o‘zi tug‘ilgan Hertfordshirdagi Uelvin-Hatfild saylov okrugidan deputat bo‘lgan.

1997 yildan beri siyosatchi ishbilarmon ayol Belinda Goldston bilan turmush qurgan, er-xotinning uch farzandi bor.

Grant Shapss Energetika vazirligidan ketgach, uning o‘rniga Buyuk Britaniya parlamenti bolalar va oilalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Kler Koutino Energetika va uglerod neytralligi vaziri etib tayinlangan. 38 yoshli Koutino ilk bor 2019 yilda Sharqiy Surrey saylov okrugidan hukmron Konservativ partiyadan parlamentga saylangan. U Sunak Moliya vaziri (2020 yil fevral - 2022 yil iyul) lavozimida ishlagan davrda uning shaxsiy kotibi bo‘lgan. Koutinoning o‘rniga esa Konservativ deputat Devid Jonson kelishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Mudofaa vaziri Aleksiy Reznikov ishdan bo‘shatilib, uning o‘rniga Samarqandda qrim-tatar musulmon oilasida tug‘ilgan Rustam Umarov tayinlanishi kutilayotgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Rishi Sunak Ben Uolles Grant Shapps

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing