Zelenskiy G‘arbga boshqacha “qulluq qilish”ni bilmasligini aytdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning Kiyevga qurol va harbiy texnika yetkazib berilgani uchun yetarlicha rahmat aytmayotgani haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi. Ukraina Prezidenti uning mamlakati G‘arbga yana qanday qilib minnatdorlik bildirishi mumkinligini tushunmasligini aytdi. Bu haqda u kecha, 12 iyul kuni Litva poytaxtida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Men savolni tushunmayapman. Biz har doim minnatdor bo‘lganmiz va har doim harbiy yordam uchun rahmat aytamiz. Yana qanday rahmat aytishni bilmayman. Ertalab turib vazirga rahmat aytishimiz mumkin. U menga qanday minnatdorchilik bildirishimni yozsin, men sizga shunday rahmat aytaman”, degan Ukraina Prezidenti. 

Shuningdek, Vladimir Zelenskiy zalda hozir bo‘lgan Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikovdan: “Aleksey, Britaniya Mudofaa vaziri bilan munosabatlaring yomonmi?”, deb so‘ragan. Bunga javoban Mudofaa vazirligi rahbari: “Ajoyib”, degan. Zelenskiyning iltimosiga binoan Reznikov Uollesga Britaniyaning harbiy yordami uchun ochiqchasiga minnatdorlik bildirgan. Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi rahbariga qo‘ng‘iroq qilishni ham so‘ragan.

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vadim Pristayko esa Zelenskiyning Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning so‘zlariga munosabatini “nosog‘lom kinoya” deb atagan.

“Prezident Zelenskiy har kuni ertalab uyg‘onib, Ben Uollesga qo‘ng‘iroq qilib, unga minnatdorlik bildirishga tayyorligini aytganida, menimcha, javobda qandaydir kinoya bor edi. Menimcha, bu sog‘lom sarkazm emas”, degan Pristayko “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida. 

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Buyuk Britaniya Rossiyaga ular o‘rtasida kelishmovchiliklar borligini ko‘rsatmasligi kerak. Shu bilan birga, Pristayko Britaniya mudofaa vaziriga muammo yuzaga kelsa, unga qo‘ng‘iroq qilishni va shaxsiy suhbatda o‘z noroziligini bildirishni maslahat bergan. 

“Agar biror narsa yuz bersa, Ben Uolles menga qo‘ng‘iroq qilib, xohlaganini aytishi mumkin”, degan Ukraina elchisi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Twitter'dagi sahifasida NATO Vilnyusdagi sammitda Kiyevni alyansga taklif qilish muddati bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilmoqchi emasligidan noroziligini bildirgan, Ukraina hurmatga loyiq ekani, hamkorlarning “noaniqligi”ni esa zaiflik deb bilishini aytgandi. Shundan so‘ng, “The Washington Post” nashri NATO sammitida ishtirok etayotgan AQSH rasmiylari Zelenskiyning bayonotidan g‘azablanganini yozdi. Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles esa sammit arafasida bo‘lib o‘tgan NATO jamoat forumida G‘arb davlatlari tezlashtirilgan tartib ostida mamlakatni NATOga qabul qilishdan bosh tortish qarorlarini tanqid qilish o‘rniga, Ukrainadan harbiy texnika yetkazib bergani uchun minnatdorlik so‘zlarini eshitishni xohlashini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Buyuk Britaniya Ukraina Zelenskiy Ben Uolles

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing