Zelenskiy o‘zini tanqid qilgan elchini ishdan bo‘shatdi

Olam

image

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Vadim Pristayko Prezident Vladimir Zelenskiyning farmoni bilan ishdan bo‘shatildi. Tegishli hujjat Ukraina rahbarining rasmiy saytida e’lon qilindi.

“Pristayko Vadim Vladimirovich Ukrainaning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi hamda Ukrainaning Xalqaro dengiz tashkilotidagi doimiy vakili lavozimidan bir vaqtning o‘zida ozod etilsin”, deyiladi Ukraina Prezidentining farmonida.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, elchi Vadim Pristaykoning lavozimidan chetlatilishi Prezident Zelenskiyni tanqid qilgani bilan bog‘liq. Gap shundaki, joriy yilning 12 iyul kuni Vilnyusdagi NATO sammiti doirasida Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles Zelenskiyning Twitter’da qoldirgan sharhidan norozi ekanini bildirib, G‘arb davlatlari Ukrainadan mamlakatni NATOga qabul qilishdan bosh tortgani uchun tanqid emas, balki harbiy texnika yetkazib berilayotgani uchun minnatdorlik bildirishi kerakligini aytgan. Shundan so‘ng, Zelenskiy NATO sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida G‘arbga boshqa qanday rahmat aytishni bilmasligi haqida gapirgan. Unga ko‘ra, ukrainaliklar har kuni ertalab uyg‘onib, vazirga minnatdorlik bildirishi mumkin. 

Ukrainaning Londondagi elchisi Pristayko esa Zelenskiyning bu so‘zlarini nosog‘lom kinoya deb atagan hamda Ukraina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rsatishi noo‘rinligiga ishora qilgan. Shu bilan birga, elchi Britaniya Mudofaa vaziriga muammo yuzaga kelsa, elchiga qo‘ng‘iroq qilishini va shaxsiy suhbatda o‘z noroziligini bildirishi joizligini maslahat bergan.

Eslatib o‘tamiz, bu voqeadan ko‘p o‘tmay 17 iyul kuni Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles ham joriy yilning sentyabr oyida ishdan ketish niyatida ekanini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Ukraina Zelenskiy Ben Uolles Vadim Pristayko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing