Ukraina dronlari Moskvaga ommaviy hujum uyushtirdi. Qurbon bor (video)
Olam
−
11 mart
14090Rossiyaning Moskva shahri va uning atrofiga Ukraina dronlari ommaviy hujum uyushtirdi. Oqibatda 1 kishi halok bo‘ldi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari 65 ta dronni urib tushirgan. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Mudofaa vazirligi dronlarning ommaviy hujumini qaytarishda davom etmoqda”, deb yozdi Sobyanin.
Dastlabki olti dronning urib tushirilgani haqida Moskva meri Moskva vaqti bilan soat 04:35 da ma’lum qilgan. Shundan so‘ng yana o‘nlab dronlar yo‘q qilingan. Ularning bir qismi Ramenskoye va Domodedovo hududlarida urib tushirilgan. Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadagi Domodedovo ko‘chasida uy tomi dron qoldiqlari tushishi oqibatida zarar ko‘rgan. Shu bois, Jukovskiy va Domodedovo aeroportlarida parvozlar cheklangan.
“Domodedovo temiryo‘l stansiyasi orqali harakatlanish to‘xtatilgan – Moskvaga shahriga ham, viloyat tomonga ham. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Domodedovo aeroportida fuqarolik avialaynerlarini qabul qilish va jo‘natishga vaqtinchalik cheklovlar kiritildi”, deb yozdi Domodedovo rahbari Yevgeniya Xrustalyova.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobevning so‘zlariga ko‘ra, Vidnoye va Domodedovo shaharlariga dron hujumi vaqtida bir kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohat olgan. Uning aytishicha, Ramenkoda dron qoldiqlari ko‘p qavatli uyga tushib, 19-dan 22-qavatgacha bo‘lgan bir necha kvartiralarga zarar yetkazgan. To‘qqiz nafar katta yoshli fuqaro va uch nafar bola evakuatsiya qilingan, ular qarindoshlari va qo‘shni gimnaziyada joylashtirilgan.
Shuningdek, Ryazan va Tula viloyati rasmiylari ham dron hujumlari qaytarilgani haqida xabar bergan. Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkovning aytishicha, dronlar viloyatning bir qancha hududlariga hujum qilgan. Xususan, Krasnaya Yaruga qishlog‘ida elektr uzatish liniyalari zarar ko‘rgan, Valuyki shahrida uy yonib ketgan, Gorovron tumani, Dobroye qishlog‘ida bir xususiy uy va to‘rtta avtomobilga zarar yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatidagi Dobropole shahriga zarba berishi oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan va yana 30 kishi jarohat olgan edi. Zarba oqibatida sakkizta besh qavatli va bir ma’muriy bino, qolaversa, 30 ta avtomobil zarar ko‘rgan. Yashash joylarida va ma’muriy binoda yong‘inlar yuzaga kelgan. Yong‘inlarni o‘chirish davomida dron bilan yana bir zarba berilgan, oqibatda o‘t o‘chirish mashinasi shikastlangandi.