“Ukraina byudjetining yarmi – G‘arb yordami”. Joriy yilda qaysi davlatdan qancha qarz olingani ochiqlandi
Olam
−
31 iyul 2023
9034Ukraina yil boshidan beri xalqaro hamkorlaridan 25,3 milliard dollar yoki 923,9 milliard grivna miqdoridagi moliyaviy yordam olgan. Bu haqda Ukraina Byudjet qo‘mitasi rahbari Roksolana Pidlasa ma’lum qildi.
Uning aytishicha, birinchi yarim yillikda davlat byudjeti umumiy jamg‘armasi barcha daromadlarining 49,1 foizi tashqi resurslarga to‘g‘ri keldi.
“Ayni paytda Ukraina byudjetining eng yirik “donori” YeI bo‘lib turibdi. U joriy yilda makromoliyaviy yordam mexanizmi doirasida 11,43 milliard dollar imtiyozli kreditlar ajratgan. Biroq qaytarilmaydigan, beg‘araz yordam bergan davlat shubhasiz, AQSH hisoblanadi – 7,2 milliard dollar”, dedi Roksolana Pidlasa.
Bundan tashqari, yil boshidan buyon byudjetga Xalqaro valyuta jamg‘armasi(XVJ)dan 3,59 milliard dollar, Kanadadan 1,76 milliard dollar kelib tushgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2022 yilda xalqaro byudjet yordami 32,3 milliard dollarni tashkil etgan edi. Jumladan, AQSHdan 11,99 milliard dollar, Yevropa Ittifoqidan 7,96 milliard dollar, XVJdan 2,69 milliard dollar va Kanadadan 1,89 milliard dollar olingan.
Avvalroq Ukrainaning AQSHdagi elchisi Oksana Markarova Kiyev rasmiylari Kongress bilan muzokaralar olib borayotgani, buning natijasida 2024 yilda byudjetga ko‘proq mablag‘ ajratilishi kerakligini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Amerika Qo‘shma Shtatlari 19 iyul kuni Ukraina uchun yana 1,3 milliard dollarlik harbiy yordam ajratilishini e’lon qilgandi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi