Ukraina bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirdi – OAV
Olam
−
04 Sentabr 4656 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda diplomatik sur’at so‘ndi va jarayon yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Bu haqda “Bloomberg” yozdi.
Yevropa Ittifoqi vakillarining ta’kidlashicha, tomonlar 2025 yilda uch marta muzokara o‘tkazgan bo‘lsa-da, muhim masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar hozirgacha hal etilmagan.
Muzokaralar joriy yilning may, iyun va iyul oylarida Istanbulda bo‘lib o‘tgan. Ular davomida o‘t ochishni to‘xtatish, asirlar almashinuvi va tinchlik memorandumlarini tayyorlash kabi masalalar muhokama qilingan. Asosiy natijalar sifatida keng ko‘lamli asirlar almashinuvi va sulh borasida muloqot davom etayotgani qayd etilgan. Biroq muhim kelishmovchiliklar sababli jarayon oxirigacha hal etilgan emas, ya’ni hanuz ko‘zga “yalt” etib tashlanadigan katta natijaga erishilmagan.
Shu bilan birga, Yevropa davlatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari borasida muzokaralarni nihoyasiga yetkazmoqda. Bu masala bugun, 4 sentyabr kuni Parijda bo‘ladigan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida hal qilinadi. Uni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer olib boradi.
Mazkur koalitsiya asosan Yevropa mamlakatlari bo‘lgan 30 dan ortiq davlatni birlashtiradi va ular Ukrainadagi tinchlikparvar missiyada qatnashishga tayyor. Ammo Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yig‘ilish arafasida bu koalitsiyani “faqat nazariy” deb atagan.
Qayd etish joiz, Ukraina o‘t ochishni shartsiz to‘xtatish, xalqaro xavfsizlik kafolatlari, hududiy yaxlitlikni tiklash, armiyaning jangovar qobiliyatini saqlash va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni talab qilmoqda. Zelenskiy Ukrainaning bir qarich yeri ham Rossiyaga berilmasligi va bu mamlakat Konstitutsiyasida ham belgilab qo‘yilganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya rahbari Vladimir Putin kecha, 3 sentyabr kuni to‘rt kunlik Xitoy safari yakunida, Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishga tayyorligini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy rozi bo‘lsa, muzokaralar Moskvada o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga, u bunday tashabbus AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilganini ham qayd etgan. Ammo kutilganidek bu taklif Ukraina tomonidan keskin rad etildi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X tarmog‘idagi sahifasida Putinning muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga chorlovini qabul qilib bo‘lmaydigan taklif, deya atagan.