Zelenskiy Putin bilan uchrashuv oldidan o‘z pozitsiyasini eslatdi
Olam
−
21 avgust 2025 10379 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yana bir bor mamlakat hech qachon Rossiya tomonidan egallangan hududlarni qonuniy tarzda tan olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Ukraina rahbari kecha, 20 avgust kuni Kiyevda jurnalistlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Zelenskiy hududiy masalalar bo‘yicha muzokaralar faqat Rossiyaning talab va shartlari aniq bo‘lgandan keyin muhokama qilinishi mumkinligini aytgan, biroq Ukraina o‘z yerlarining bosib olinishiga hech qachon rozi bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Prezidentning asosiy bayonotlariga ko‘ra, Kiyev yaqin 7–10 kun ichida AQSHdan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha to‘liq izoh olishni istaydi. Bu esa Putin bilan kutilayotgan uchrashuv oldidan zarur, deb hisoblanmoqda.
Zelenskiy Donbass masalasiga ham to‘xtalib, Rossiyaning mintaqani to‘liq egallashi uchun kamida to‘rt yil kerak bo‘lishini aytgan. Unga ko‘ra, to‘rt yil davomida Rossiya faqat Donetsk viloyatining uchdan bir qismini bosib olgan va Donbassni to‘liq egallash haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Shuningdek, Prezident Rossiyaning Kinburn qo‘ltig‘i bo‘yicha taklifiga munosabat bildirib, bu hudud ularga faqat Ukraina dengiz yo‘llarini to‘sish uchun kerakligini aytgan.
Zelenskiy Ukrainada Flamingo nomli yangi raketa sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazilganini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, bu raketalar dekabr oyidan boshlab ko‘plab ishlab chiqarila boshlaydi.
Rossiyaning Xitoyni Ukraina xavfsizlik kafolatlari tizimiga qo‘shish taklifini Prezident rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina faqat amalda yordam ko‘rsatishga tayyor davlatlarning kafolatiga tayanadi.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiyaning urushni to‘xtatish evaziga Ukraina hududlarini topshirish haqidagi taklifini “havoyi gap” deb atab, bu Putin urushni tugatishni istamayotganidan dalolat berishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Avstriya, Shveysariya yoki Turkiyada uchrashuv o‘tkazishga roziligi, ammo uchrashuv Vengriya yoki Rossiyada bo‘lmasligini aytgandi.
Live
Barchasi