Ukraina Putinning taklifiga javob berdi
Olam
−
04 Sentabr 18632 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyni muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga chorlovi qabul qilib bo‘lmaydigan taklif. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, kamida yetti davlat Ukraina va Rossiya Prezidentlarining uchrashuviga mezbonlik qilishga tayyor. Ularga Avstriya, Vatikan, Shveysariya, Turkiya va Fors ko‘rfazidagi uch davlat kiradi.
“Bu jiddiy takliflar va Prezident Zelenskiy istalgan paytda uchrashuvga tayyor. Ammo Putin ataylab qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni ilgari surib, hammani aldashda davom etmoqda. Rossiyani tinchlik jarayoniga jiddiy yondashishga majbur qiladigan yagona yo‘l – bosimni kuchaytirishdir”, deya qo‘shimcha qilgan Sibiga.
Ma’lumki, Putin Xitoyga to‘rt kunlik tashrifi yakunida Zelenskiyni muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga chorlagandi. Shu bilan birga, u bunday tashabbus AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilganini ham qayd etgan. Taklif esa kutilganidek qabul qilinmadi.
Qayd etish joiz, Putin va Zelenskiyning uchrashish ehtimoli hali ham so‘roq ostida qolmoqda, chunki ikki davlat rahbari ham uchrashuv uchun bir-biri bajarishni istamaydigan shartlarni o‘rtaga tashlayapti. Masalan, Zelenskiy muzokaralarni Moskvada emas, aksincha, Yevropaning neytral davlatlarida, xususan, Shveysariya, Avstriya yoki Turkiyada o‘tkazishni taklif qilgan. Putin esa Yevropaga borishni istamaydi. Qolaversa, hududlar masalasida ham chalkashliklar mavjud. Zelenskiy qonunni pesh qilib, Ukrainaning bir qarichi ham Rossiyaga berilmasligini aytsa, Putin Zelenskiy ayrim hududlardan voz kechishi kerakligini takrorlaydi. Xullas, bu borada ham kelishuv yo‘q.
Xalqaro maydondagi yetakchilar ham vaqt o‘tgan sari uchrashuv ehtimoli tobora pasayib boyaryotganini aytmoqda. Masalan, Germaniya kansleri Fridrix Mers 26 avgust kuni Berlinda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarda eski uslubi – vaqtni cho‘zish strategiyasini qo‘llayotgani haqida aytgandi. Unga ko‘ra, Moskva Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy uchrashuvini oldindan belgilangan shartlarga bog‘lab, uni imkonsiz holatga keltirmoqda. Mers bunday talablarni Germaniya ham, Ukraina ham mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblashini ta’kidlagan. Shuningdek, Mers 28 avgust kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Rossiya va Ukraina Prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmasligi haqida gapirgandi. Makron agar bunday uchrashuv bo‘lmasa, Rossiyaga qarshi javob choralari kuchaytirilishini aytgan.
Live
Barchasi