Ukraina bo‘yicha Florida muzokaralari qanday o‘tdi?
Olam
−
01 dekabr 3301 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSHning Florida shtatida kecha, 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan AQSH–Ukraina muzokaralarini “juda samarali” deb baholadi, biroq Rossiya–Ukraina urushini tugatish uchun hali ko‘p ish qilish zarurligini ham qayd etdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha xulosalarni CNN e’lon qildi.
Rubioning aytishicha, yig‘ilish Jenevadagi uchrashuv natijalari hamda joriy haftadagi jarayonlar asosida davom ettirilgan.
“Biz juda samarali navbatdagi uchrashuvni o‘tkazdik. Ammo haqiqiy tinchlikka erishish uchun yana ancha ish qilishga to‘g‘ri keladi”, degan Rubio.
Shuningdek, u Rossiya “yechim formulasining bir qismiga aylanishi” kerakligini ta’kidladi. Rubio 1 dekabr kuni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga yo‘l olishini tasdiqlagan.
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda nafaqat urushni to‘xtatish shartlari, balki Ukrainaga uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini berish ham muhokama qilingan.
“Biz Ukrainaning doimiy xavfsizligini ta’minlashni istaymiz. Eng muhimi – bu yerda haqiqiy farovonlik davri boshlanishini xohlaymiz”, degan u.
Ukraina delegatsiyasi rahbari, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustam Umarov ham uchrashuv yakunlarini “samarali va muvaffaqiyatli” deya ta’riflagan.
“Bizning maqsadimiz – kuchli, ravnaq topgan Ukraina. Muzokaralarda mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan barcha masalalarni ko‘rib chiqdik. AQSH juda kuchli qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatdi”, degan Umarov.
U Florida sessiyasi Jenevadagi muzokaralar asosida o‘tkazilganini qo‘shimcha qilgan.
Shu bilan birga, Umarov Zelenskiyga AQSH bilan pozitsiyalar yaqinlashgani haqida hisobot berganini ma’lum qilgan.
CNN o‘z manbasiga tayanib, muzokaralarni “qattiq, lekin juda konstruktiv” deb atagan. Tomonlar Rossiya–Ukraina mojarosini tartibga solish bo‘yicha “eng nozik masalalar”ni muhokama qilgani aytiladi.
“The Wall Street Journal” esa muzokaralarda hududiy masalalar va Ukrainada saylov o‘tkazish masalasi ham ko‘tarilganini xabar qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Ukrainada korrupsiya bilan bog‘liq muammolar borligiga qaramay, kelishuv tuzish imkoniyati saqlanayotganini bildirgandi.
Live
Barchasi