Ukraina ayamayapti: Wildberries yana hujumga uchradi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Bugun, 4 avgust kuni Ukraina dronlari Moskva viloyatining Chexov shahridagi Wildberries omborlariga hujum qildi. Oqibatda 5 kishi halok bo‘ldi, yana 6 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva viloyatiga uyushtirilgan dronlar hujumini qaytargan.

“Bugun ertalab havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva viloyatiga uyushtirilgan dronlar hujumini qaytardi. Eng katta zarar Chexov munitsipal okrugida kuzatildi. Novosyolki sanoat hududida dron zarbasi oqibatida bir nechta yong‘in yuzaga keldi. Eng yirik yong‘in omborlardan birida sodir bo‘ldi va ochiq alangalar o‘chirildi. Elektr podstansiyasi va ma’muriy bino ham zarar ko‘rdi. Yong‘in-qutqaruvchilar va barcha tezkor xizmatlar voqea joyida ishlamoqda”, degan Vorobyov.

Gubernatorning bildirishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi esa jarohatlangan.

“Barcha jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Shuningdek, Vorobyovning aytishicha, Sonechkova qishlog‘ida dron parchalari xususiy uy va avtomobilga zarar yetkazgan. U yerda yuzaga kelgan yong‘in o‘chirilgan, jabrlanganlar qayd etilmagan.

Bundan tashqari, Moskva viloyatining Volokolamsk, Klin, Chexov va Serebryaniye Prudi tumanlari osmonida dronlar aniqlanayotgani, hujum davom etayotgani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni Ukraina Belgoroddagi dronlar ishlab chiqilgan universitetga zarba bergan edi. Shuningdek, Vladimir viloyatidagi Wildberries omborlari ham dronlar hujumidan so‘ng yonib ketgandi. Bundan tashqari, Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi Gelenjik kurort hududiga Ukraina dronlari hujumi oqibatida 4 kishi, jumladan, bir nafar bola halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing