Tugayotgan Rossiya urushi, Trampning tugamas qurollari va tunneldagi mo‘jiza – Weekend
Tahlil
−
09:18 1815 14 daqiqa
Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush tugashi mumkin. Buning uchun Tramp o‘zining ishonchli odamlarini ikki Vladimir oldiga jo‘natyapti. Biroz avval navbati bilan bir-birining mamlakatini bombardimon qilgan prezidentlar ham tinchlik haqida gapirishni boshladi. Putin urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkin deyapti. Xo‘sh, bu o‘xshaydigan ishmi?
Tilda tinchlik so‘zini ko‘p ishlatadigan, ammo amalda aksini qiladigan Donald Tramp birdaniga o‘q-dorilari tugamaydigan darajada ko‘pligi va mamlakat qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bo‘yicha rekord o‘rnatayotganini aytib, maqtanib chiqdi. Vaholanki, uning o‘zi yangi urush chiqish ehtimolini “juda past” deb baholagandi. Unda bu ko‘z-ko‘z qilish kimgadir do‘q-po‘pisami?
Eronda qonli to‘y. Eronliklar AQSH harbiylari oddiy to‘y marosimiga zarba bergani va o‘nlab tinch aholi, jumladan bolalar halok bo‘lganini aytmoqda. Vashington esa buni rad etib, barchasi kema yo‘llarini yopayotgan Eron armiyasiga berilgan “aniq va adolatli zarba” ekanini iddao qildi. Xo‘sh, Vashington rostdan ham to‘yni janozaga aylantirdimi yoki bu Tehronning navbatdagi targ‘ibot yurishimi?
So‘nggi kunlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush maydoni ham, diplomatik sahnada kechayotgan jarayonlar ham nihoyatda ziddiyatli bosqichiga qadam qo‘ydi. Bir tomonda Rossiya ichidagi energiya inqirozi va neftni qayta ishlash zavodlarining birin-ketin safdan chiqishi, ikkinchi tarafda esa Kiyev va Moskva o‘rtasidagi zarbalar almashinuvi fonida Vashingtonning kutilmagan diplomatiya harakatlari bo‘y ko‘rsatmoqda.
Rossiya jamiyati bugun mutlaqo yangi va ancha noqulay voqelikka ko‘nikishga majbur bo‘lyapti. Mamlakat ichidagi yoqilg‘i inqirozi shunchalik chuqurlashdiki, bunga shaxsan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘zi munosabat bildirishga majbur bo‘ldi. Sharqiy iqtisodiy forumda so‘zga chiqqan Putin rasmiylar va mudofaa tizimi energetika infratuzilmasiga qilingan bunday shiddatli hujumlarga tayyor bo‘lmaganini oshkora tan oldi.
“Biz neftni qayta ishlash zavodlarini sof fuqarolik ob’ektlari, ular hatto qurolli nizo sharoitida ham har qanday hujum nishoni bo‘la olmaydi, degan qarashdan kelib chiqqan edik. Biroq bu borada adashdik, dushmanimiz, ming afsuski, boshqacha fikr da ekan”, dedi Putin.
Urushning uchinchi yilida Putin ta’biri bilan aytganda fuqarolik infratuzilmasi nishonga olinmasligiga umid qilish — diplomatik tilda aytsak, soddalik, siyosiy tilda esa o‘ta jiddiy strategik xato. Putinga yana bir savol berildi. Rossiyaliklar benzin tanqisligiga ko‘nikishlari kerakmi? Rossiya rahbari qisqa va sovuqqon javob berdi.
“Biz har qanday narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak. Faqatgina bizning tayyorligimizgina bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlarning barchasiga buni qilmaslik ma’qulroq ekanini anglatadi”, deb javob bergan Putin.
Bu “tayyorgarlik” oqibatlari allaqachon mamlakat yoqilg‘i shoxobchalarida o‘z aksini topmoqda. Yil boshidan buyon Ukraina dronlari Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 70 marotaba muvaffaqiyatli zarba berdi. Natijada Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushib ketdi. Avgust oyi oxiriga kelib benzin ishlab chiqarish ichki iste’molning atigi 70 foizini tashkil etdi, kunlik tanqislik esa 30 ming tonnani tashkil qilmoqda. Bugungi kunda Rossiyaning kamida 17 ta hududida yoqilg‘i sotishga qat’iy cheklovlar kiritilgan — bir avtomobilga 30-40 litrdan ortiq yoqilg‘i quyish taqiqlanishidan tortib, AYOQSHlarda avtomobil raqamlarining “juft-toq” tizimigacha joriy etildi. Energetika mamlakati bo‘lmish Rossiya o‘z ehtiyojlarini qoplash uchun endilikda Hindiston, Marokash va Turkiyadan dengiz orqali benzin import qilishni boshladi, shuningdek, Belarusdan yoqilg‘i xaridini rekord darajaga yetkazdi. Leningrad viloyatidagi mamlakatdagi ikkinchi eng yirik “Kinef” zavodi zarbalar sabab to‘liq to‘xtagani, shuningdek, Sochidagi “Rosneft-Kubannefteprodukt” neft bazasi va Bashqortistondagi neft-kimyo va harbiy zavodlarga berilgan so‘nggi zarbalar inqiroz yaqin orada barham topmasligini ko‘rsatmoqda. Putin esa vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash ekanini ta’kidlab, zarbalarga “ko‘zgudek javob berishga majbur” bo‘linganini va shikastlangan ob’ektlarning 90 foizi qayta tiklanganini da’vo qilmoqda.
Biroq zarbalar urushi faqat energetika ob’ektlari bilan cheklanib qolmayapti. Moskva ham Kiyevdagi eng muhim xavfsizlik va mudofaa nuqtalarini nishonga olishga o‘tdi. 4 sentyabr kuni Rossiya droni Ukraina Xavfsizlik xizmatining Kiyevdagi qarorgohiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, dron UXX rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Pokladning kabinetiga yo‘naltirilgan. Xabarlarga ko‘ra, zarba paytida Poklad kabinetda bo‘lmagan va omon qolgan, ammo binoda jabrlanganlar bor. Ushbu hujumdan so‘ng Zelenskiy UXX rahbari bilan uchrashib, javob zarbalari rejasini tasdiqlaganini bildirdi.
“Javob geografiyasi aniqlab olindi. Vaqt natija beradigan tarzda tanlanadi”, deydi Ukraina Prezidenti.
Mana shunday shiddatli harbiy to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda, kutilmaganda diplomatiya maydonida Vashington parda ortidagi harakatlarni jonlantirib qoldi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uydagi brifingda o‘zning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Djared Kushnerni Moskva va Kiyevga yangi tinchlik taklifi bilan yuborayotganini e’lon qildi. Trampning aytishicha, uning vakillari 5 sentyabr kuni Moskvada, keyin esa Kiyevda muzokaralar o‘tkazadi.
“Men u bilan gaplashganman, uni juda yaxshi bilaman. Putin NATO hududiga hujum qilmoqchi emas”, deydi Tramp brifingda Rossiya rahbarining niyatlariga baho berarkan.
U yangi tinchlik taklifi muvaffaqiyat qozonishi uchun “yaxshi imkoniyat” borligini ta’kidlab, mojaroni tugatishga ikki mamlakat rahbarlarining shaxsiy adovati xalaqit berayotganini yana bir bor takrorladi.
Ushbu diplomatik missiya doirasida eng diqqatga sazovor holat — bu havodan beriladigan zarbalarning vaqtincha to‘xtatilishidir. Vladimir Zelenskiy o‘zning videomurojaatida AQSH vakillarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida Rossiyaga havodan zarbalar berishda tanaffus qilinishini e’lon qildi.
“Avvalgi Amerika diplomatik tashriflari vaqtida bo‘lgani kabi, muzokarachilar xavfsiz yetib kelishi uchun Rossiya havo hududining normal ishlashini ta’minlaymiz”, dedi Zelenskiy.
U ushbu qadam Moskva manfaatlari uchun emas, balki amerikalik diplomatlarning xavfsizligi uchun tashlanayotganini alohida uqtirdi.
Ayni paytda, xalqaro OAV va diplomatik manbalarda 5 sentyabrdan 8 sentyabrga qadar front chizig‘i va havo hududida keng ko‘lamli “tinchlik rejimi” joriy etilishi haqida xabarlar tarqaldi. “Ukrainskaya pravda” hamda “RBK-Ukraina” nashrlari manbalariga ko‘ra, Kiyev Moskvaga diplomatik tashriflar davomida havo zarbalarini o‘zaro to‘xtatish taklifini yuborgan va hozirda javob kutmoqda. The New York Times nashri esa Vashingtonning o‘zi har ikkala tarafdan Tramp vakillarining tashrifi davomida jangovar harakatlarda tanaffus qilishni so‘raganini yozmoqda.
Vladimir Putin ham 3 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Sharqiy iqtisodiy forum doirasida tinchlikka erishish mumkinligi haqida gapirdi. Putinning fikricha, Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan tugatish imkoniyati hali ham mavjud.
“Eng avvalo, Rossiya va Ukraina o‘zaro kelishib olishi kerak. Qolgan barcha mamlakatlar esa buni qo‘llab-quvvatlash va yordam berishga tayyor. Imkoniyat bormi? Menimcha, ha, bor”, dedi u.
Xalqaro hamjamiyat va ayniqsa Yevropa davlatlari Trampning bu diplomatik tashabbusiga, ya’ni Rossiya va Ukraina yarashishiga shubha bilan qaramoqda. Yevroittifoq uchun Vashington keltirayotgan “yangi tinchlik rejasi” haqiqatda urushni to‘xtatadimi yoki shunchaki tomonlarga kuch yig‘ib olish uchun imkoniyat beradimi, degan savol ochiq qolmoqda. Rostdan ham yaqin kunlardagi diplomatik muloqotlar va ushbu 3 kunlik tanaffus voqealar rivojini tubdan o‘zgartirishi yoki urushning navbatdagi yana ham shiddatli bosqichiga zamin yaratishi mumkin.
Tramp qurollari bilan maqtandi
Rossiya va Ukrainani yarashtirib qo‘yishi haqida gapirayotgan Trampning o‘zi qurol-yarog‘lari bilan maqtanib chiqdi. 3 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zning Truth Social platformasida qoldirgan postida mamlakatning o‘q-dorilar zaxirasi borasidagi xavotirlarni bir chetga surib, maqtanish ohangida bayonot berishga oshiqdi.
“Bizda o‘rta va yuqori sinfdagi o‘q-dorilarning amalda cheksiz zaxirasi mavjud. Ular ehtimoli juda past bo‘lgan urush uchun bizga keragidan ancha ko‘p”, deb yozdi Donald Tramp.
Prezident Oq uy mamlakat tarixida kuzatilmagan deya ta’riflanayotgan miqyosda qurol-yarog‘ ishlab chiqarayotganini va bu zaxiralar avvalo AQSHning o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun olib qolinayotganini qo‘shimcha qildi.
“Biz zaxiralarni to‘playapmiz va har qanday kutilmagan holatlarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Biz ularni boshqalarga sotmasdan, o‘zimizga – AQSHga olib qolmoqdamiz, biroq ittifoqchilarga sotuvlar tez orada qayta tiklanadi”, deb qo‘shimcha qilgan Prezident.
O‘zi urush chiqishi ehtimolini “juda past” deb baholayotgan ma’muriyatning “amalda cheksiz” o‘q-dori jamg‘arayotgani va uni boshqalarga berishni to‘xtatib turgani, yumshoqroq aytganda, rasmiy Vashingtonning kelajak rejalari borasidagi xavotirlarini yashirishga urinishi xolos.
Prezident o‘q-dorilarni “cheksiz” deb maqtanayotgan bir paytda, AQSH Mudofaa vazirligi – Pentagon ichida harbiy xizmatchilarning salomatligi va jangovar tayyorgarligi bilan bog‘liq g‘alati, biroz ziddiyatli qarorlar qabul qilinmoqda. Pentagon 30 yosh va undan katta harbiy xizmatchilarda testosteron yetishmovchiligini majburiy tekshirishni nazarda tutuvchi yangi klinik qo‘llanmani e’lon qilganidan bor-o‘g‘i bir kun o‘tib vaqtincha bekor qildi. Mudofaa vaziri Pit Xegset tomonidan ilgari surilgan va harbiylarning jismoniy bardoshini oshirishga qaratilgan ushbu tashabbus 2 sentyabr kuni e’lon qilingan bo‘lsa-da, mutaxassislarning keskin tanqidlaridan so‘ng vazirlik saytidan olib tashlandi. AQSH rasmiysi qo‘llanma “yangilanishlar kiritish uchun vaqtincha bekor qilingani”ni aytib, hozircha avvalgi ko‘rsatmalar amalda qolishini ta’kidladi.
30 yoshdan oshgan erkak va ayol harbiylarni harbiy ko‘rik doirasida majburiy gormonal tekshiruvdan o‘tkazish hamda testosteron terapiyasini qo‘llash rejasi tibbiyot ekspertlari tomonidan ilmiy jihatdan yetarlicha asoslanmagan va yurak-qon tomir kasalliklari hamda bepushtlik xavfini oshiruvchi qadam sifatida baholandi. AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari sifati va xavfsizligini nazorat qilish boshqarmasi sentyabr oyi o‘rtasida ushbu masalani muhokama qilmoqchi bo‘lib turgan edi. Biroq Pentagon o‘z qo‘llanmasidan zudlik bilan chekindi. Bu harakatni harbiy rahbariyatdagi shoshma-shosharlik deb baholash mumkindir ehtimol.
Qonli oqshom. AQSH to‘yni janozaga aylantirdi
Harbiy rahbariyat o‘z ichki qoidalarida chalkashib turgani bilan tashqi maydonda — Yaqin Sharqda amalga oshirayotgan harakatlari ancha shafqatsiz tus olmoqda. Eron rasmiylari AQSH harbiylari mamlakat janubidagi Surik shahrida to‘y marosimi o‘tkazilayotgan tinch aholi uyiga zarba berganini va kamida 5 kishi, jumladan yosh bola halok bo‘lganini ma’lum qildi. Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy bu hujumni “shafqatsiz jinoyat” deb atab, Kuxestak aholi punktida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgani yoki yaralangani to‘g‘risida bayonot berdi. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Husayn Kermonpur esa hududda elektr va aloqa uzilganini ta’kidlagan. Surik viloyati gubernatori Reza Shahidiyon jarohatlangan 63 kishining 50 nafari ayollar va bolalar ekanini ma’lum qildi. “Tasnim” agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, vayronagarchiliklar faqat bu joy bilan cheklanmay, Konarak, Bandar-Abbos, Josk, Asaluye, Ahvoz hamda Qeshm orolida ham portlashlar qayd etilgan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi esa ushbu zarbalarni inkor etmay, ularni Eron Islom Inqilobi Qo‘riqchilari Korpusining Hormuz bo‘g‘ozidagi tijoriy kemalarga nisbatan tahdidlariga javob va harbiy ob’ektlarga qaratilgan “aniq zarbalar” deb atamoqda. Eron vakili Baqoiy esa xalqaro hamjamiyatni ushbu harakatlarga sukut saqlamaslikka chaqirib, Vashington bundan avval Minob shahrida boshlang‘ich maktabga bergan zarbasi oqibatida 150 dan ortiq kishi, Lamerdda esa sport zaliga bergan zarbasi sabab 21 kishi halok bo‘lganini eslatdi.
“Eron bu vahshiy jinoyatlarga qat’iyat bilan javob qaytaradi”, deydi Baqoiy.
Garchi tinch aholi va to‘y marosimi nishonga olingani haqidagi xabarlar hozircha mustaqil xalqaro manbalar tomonidan to‘liq tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuv iyul oyidan buyon eng shiddatli nuqtaga yetgani aniq.
Tinch aholi qurbon bo‘layotgan va doimiy harbiy tahdidlar yangrayotgan ushbu sharoitda global iqtisodiyot ham o‘zning birinchi va eng og‘riqli reaksiyasini berdi. AQSH va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hormuz bo‘g‘oziga ko‘chishi ortidan jahon neft bozorida narxlar so‘nggi oylardagi eng yuqori haftalik o‘sishni ko‘rsatdi. Reuters agentligining xabar berishicha, Brent markali neft fyucherslari 0,6 foizga oshib, barreliga 96,06 dollarga yetdi, AQSHning WTI nefti esa 0,9 foizga qimmatlab, 92,10 dollarni tashkil qildi. Haftalik hisobda Brent 7,6 foizga, WTI esa 10,4 foizga qimmatladi.
“Bozor nozik moslashuv bosqichiga kirmoqda. Tovar zaxiralarining ko‘payishi dastlabki ta’minot inqirozini yengishga yordam berdi, biroq endilikda buferlar kamayib borayotgani sababli bozor muvozanatini saqlash qiyinlashmoqda”, deya ogohlantirmoqda ANZ banki.
Bunga parallel ravishda diplomatik va harbiy ritorika yanada qattiqlashmoqda. Izrail Mudofaa vaziri Israel Kats Eronning energetika va harbiy infratuzilmasini “falaj qilish” bilan tahdid qilgan bo‘lsa, AQSH vitse-prezidenti Djey Di Vens Tehron Hormuz bo‘g‘ozida xalqaro kemalarga hujumlarni to‘xtatmas ekan, Vashington u bilan hech qanday muzokara olib bormasligini qat’iy aytdi. Eron esa bunga javoban o‘zning “qora ro‘yxati”ni kengaytirib, talablarga bo‘ysunmagan har qanday kema ushlanishi yoki musodara qilinishini bildirdi. Qiziqarlisi, ushbu inqiroz ortidan barcha zarar ko‘rmayapti. Masalan, Iroq avgust oyida neft eksportini keskin oshirib, kuniga 2,34 million barrelga yetkazib oldi va katta chegirmalar evaziga o‘z tankerlarini Eron roziligi bilan Hormuzdan o‘tkazmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, Eron va AQSH Yaqin Sharq dengiz yo‘llarini alanga oldirayotgani uchun dunyo iqtisodiyoti 100 dollarlik neft narxi yoqasiga kelib qoldi. Tomonlar diplomatik stoldan ko‘ra, harbiylashtirilgan taktikani va iqtisodiy bosimni afzal ko‘rmoqda, bu esa vaziyatning yaqin orasida tinchishiga zarracha umid qoldirmayapti.
Tunneldagi mo‘jiza
Joriy yilning 26 avgust kuni Nepal va Xitoyning chegara hududlarida yuz bergan halokatli muzlik qulashi so‘nggi yillardagi eng og‘ir tabiat ofatlaridan biriga aylandi. Fojia statistikasiga e’tibor bering. Birgina Nepal hududida halok bo‘lganlar soni 1 252 nafarga yetdi, 4 800 dan ortiq kishi esa haligacha bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ular orasida mintaqadagi gidroelektr stansiyalarida mehnat qilgan 900 nafarga yaqin xodim hamda 583 nafar xorijiy fuqaro bor. Jabrlanganlar soni 5 100 kishidan oshib ketgan, ulardan yuzlab nafari shifoxonalarda og‘ir ahvolda qolmoqda. Nepalning Chitvan, Sharqiy va G‘arbiy Navalparasi, Nuvakot hamda Rasuva kabi sakkizta hududi eng katta talafotni ko‘rdi. Xitoy tomonida esa kamida 16 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi bedarak yo‘qolgan, ularning ham 261 nafari xorijliklardir.
Bunday ulkan halokat fonida insoniy omil va mas’uliyatli qarorlar qanchalik muhim rol o‘ynashini Nuvakot tumanidagi bir hodisa misolida ko‘rish mumkin. “Tribxuvan Trishuli” o‘rta maktabi direktori Radjendra Davadi 26 avgust kuni qo‘shni Betravati shahridan yaqinlashib kelayotgan sel haqida to‘rtta ogohlantirish olgach, bir daqiqa ham ikkilanmay darslarni to‘xtatdi va 900 nafar o‘quvchini zudlik bilan balandlikka evakuatsiya qilgan.
“Men ortiq paysalga solish kerak emas deb qaror qildim. Hatto suv toshqini sodir bo‘lmaganda ham, bu bor-yo‘g‘i bitta o‘quv kuni yo‘qotilishi bo‘lardi, xolos”, deydi direktor.
Uning bu tezkor qarori yuzlab bolalar hayotini saqlab qoldi. Chunki, ustoz o‘quvchilarini xavfsiz joyga olib chiqqanidan so‘ng maktab yotoqxonasi 10 daqiqa ichida sel ostida qolgan. O‘quvchilardan biri mahalliy OAVga bergan intervyusida “Meni va sinfdoshlarimni o‘limdan atigi o‘n soniya ajratib turdi”, degan. Boshqa hududlarda esa ogohlantirish tizimlarining kechikkani yoki umuman ishlamagani minglab insonlarning fojiali halokatiga sabab bo‘ldi.
Infratuzilma xavfsizligi masalasida, ayniqsa, gidroelektr stansiyalari eng zaif nuqta bo‘lib chiqdi. Trishuli daryosida muzlik qulashi ortidan suv sathining keskin ko‘tarilishi daryo bo‘yidagi 6 ta gidroelektr loyihasi tunnellari suv va loy ostida qolishiga olib keldi. Reuters agentligining ma’lum qilishicha, 9 kun davomida davom etgan qidiruv-qutqaruv ishlaridan so‘ng Upper Trishuli 3A stansiyasi tunnelidan ikki ishchi — Sandjay Sax va Kabir Maxardjan tirik holda qutqarib olindi. Biroq ushbu tunnellarda hali ham 900 ga yaqin odam qolib ketgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Muhim energetika ob’ektlarining bunday tabiiy omillar oldida chidamsizligi va favqulodda holat rejalarining yo‘qligi loyihalash bosqichidayoq xavfsizlik ikkinchi darajali masalaga aylanganidan dalolat beradi. Xayolingizga ayrim qurilish jarayonlari kelmayaptimi mabodo!
Ofat ko‘lami Nepalning o‘z kuchlari yetarli emasligini ko‘rsatgach, hududda xalqaro qutqaruv operatsiyalari boshlandi. Janubiy Koreya, Xitoy va Hindistondan maxsus guruhlar, DNK tahlili uchun uskunalar, dronlar hamda suvni tozalash vositalari yetkazildi. Tibetdagi ko‘chki oqibatida yopilib qolgan Girong portiga olib boruvchi strategik yo‘l qayta tiklanib, gumanitar yordam oqimi yo‘lga qo‘yildi.
Live
Barchasi