Tramp Rossiyadan ham, Ukrainadan ham g‘azablandi – Oq uy
Olam
−
09:43 1711 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning ishlaridan ham, Ukrainaning harakatidan ham juda norozi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt kecha, 11 dekabr kuni jurnalistlar bilan o‘tkazgan suhbatda aytib o‘tdi.
Livittga ko‘ra, Tramp amaliy choralar ko‘rilmayotganidan juda xafa va u endi shunchaki suhbatlar emas, balki aniq harakatlarni istayapti.
“Uchrashuvlar faqat natijasiz bo‘lgani uchun u charchagan. Tramp endi suhbat emas, harakat istaydi, bu urushning tugashini xohlaydi. So‘nggi bir necha hafta ichida AQSH ma’muriyati rossiyaliklar, ukrainaliklar va yevropaliklar bilan uchrashuv va suhbatlar uchun 30 soatdan ortiq vaqt sarfladi”, degan Oq uy so‘zlovchisi.
Matbuot kotibi, shuningdek, AQSH hukumati urishayotgan ikki tomon bilan ham muloqotni davom ettirishini ta’kidlagan.
AQSHning Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina vakillari ishtirok etadigan, 13 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvda qatnashishi masalasida Livitt aniq javob bermagan.
“Agar tinchlik kelishuvi imzolanishi uchun haqiqiy imkoniyat paydo bo‘lsa, agar biz ushbu uchrashuvlar AQSH bu hafta oxirida sarflaydigan vaqtga arzishini his qilsak, unda biz vakil yuboramiz”, degan Livitt.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Trampning ma’muriyati so‘nggi haftalarda yevropalik amaldorlar bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga qo‘shimcha hujjatlarni qo‘shishni muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi. Ularda YI hududida muzlatilgan Rossiya aktivlarini yechish va ularni AQSHning moliyaviy va boshqa kompaniyalariga Ukrainada loyihalarni rivojlantirish uchun topshirish taklif qilingan.
Live
Barchasi