Ukraina Moskvani bombardimon qildi. Minglab odamlar elektrsiz qoldi

Olam

image

Ukraina kecha, 17 avgust kechidan bugun, 18 avgust tongigacha Moskva viloyati tomon 620 ta dron uchirdi. Hujum oqibatida Moskva viloyatida uch kishi jarohatlandi, Wildberries kompaniyasining ombori ham shikastlandi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi.

Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida 180 ta dron yo‘q qilingan. Keyinchalik mer Moskva tomon uchib kelayotgan yana 17 ta dron urib tushirilganini bildirgan.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, tun va ertalab davomida Moskva viloyati osmonida 150 dan ortiq dron urib tushirilgan. Ramenskoye okrugida dron xususiy uyga qulashi oqibatida 10 yoshli qiz jarohatlangan. Bogorodskoye okrugida bir ayol, Kolomnada esa 27 yoshli erkak jarohatlangan.

Gubernatorning qayd etishicha, hujumning eng jiddiy oqibatlari Pavlovskiy Posad okrugida kuzatilgan. Kuznetsi qishlog‘ida xususiy uy yonib ketgan, Pavlovskiy Posadda esa ko‘p qavatli uyning tomida yong‘in chiqqan. “Mosoblenergo” ma’lumotlariga ko‘ra, okrugda 5 mingdan ortiq kishi va ijtimoiy ahamiyatga ega 46 ta ob’ekt elektr ta’minotisiz qolgan.

Noginskda dron Atlant-park hududidagi Wildberries omboriga kelib tushgan. Gubernatorning ma’lum qilishicha, yong‘in bartaraf etilgan va hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Marketpleys matbuot xizmati logistika majmuasiga ozgina zarar yetganini bildirgan. Qayd etilishicha, dron bo‘laklari bino devoriga tekkan. Kompaniya xodimlari hujumdan oldin evakuatsiya qilingan, ombordagi tovarlarga zarar yetmagan.

Kolomnada hujum oqibatida “Globus” savdo markazi yaqinidagi savdo pavilonida yong‘in chiqqan. Shuningdek, FHDYO binosi, do‘kon va Sovetskaya maydonidagi turar joy binosining oynalari shikastlangan.

Kotelniki shahrida qurilayotgan turar joy majmuasidagi qurilish iskalalari yonib ketgan. Elektrostalda esa avtomobil va transformator podstansiyasiga zarar yetgan. Ramenskoye hamda Bogorodskoye shahar okruglarida ham xususiy uylar shikastlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Milliy gvardiyasining 1-korpusi – “Azov” bo‘linmalari Donetsk viloyatining Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida joylashgan bir qator yonilg‘i saqlash va ta’minot ob’ektlarini yo‘q qilganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing