Ukraina harbiylari Kursk viloyatining uchinchi tumaniga kirdi
Olam
−
11 avgust
21127Bugun, 11 avgustga o‘tar kechasi Ukraina harbiylari Kursk viloyatining Belovskiy tumaniga kirib, shu orqali Rossiya Federatsiyasi hududidagi mavjudligini kengaytirdi. Bu haqda tuman rahbari Nikolay Volobuyev ma’lum qildi.
"Sabotaj va razvedka guruhlarining bizning hududimizga kirishi juda ko‘p sarosimaga sabab bo‘ldi va vahima qo‘zg‘atdi. Hozir vaziyat barqaror, lekin juda tarang", deydi Volobuyev mahalliy aholiga videomurojaatida.
U tinchlanishga va Belovskiy tumanidan chiqib ketgan aholini "o‘zlari ketgan joylarda qolishga" chaqirdi.
Ukraina harbiylarining Belovskiy tumani hududiga kirishini Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari “vaziyatni barqarorlashtirishga” muvaffaq bo‘lgan.
Smirnovning ta’kidlashicha, Belovskiy tumanida "harbiy to‘qnashuvlar yo‘q", harbiylar va chegarachilar Rossiya Federatsiyasi chegarasini himoya qilmoqda.
11 avgustgacha Kursk viloyatining ikki tumanlari – Korenevskiy va Sudjanskiy hududida janglar bo‘lib o‘tdi. Belovskiy tumani Sudjanskiydan janubi-sharqda va Belgorod viloyatiga tutashgan.
Bir kun avval Rossiya xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan “VCHK-OGPU” Telegram-kanali Ukraina Qurolli kuchlari Belgorod viloyati chegaralariga “jangovar tayyor qo‘shinlar”ni to‘playotgani haqida xabar bergan edi.
"Shu munosabat bilan Rossiyaning ushbu hududiga hujum bo‘lishi mumkin", deyiladi xabarda.
Biroq bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlashning hozircha imkoni yo‘q. Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. 10 avgust kuni Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi.
Amerika urushni o‘rganish instituti so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Kreml Ukraina harbiylari Kursk viloyatida Rossiya chegarasini buzib o‘tganidan keyin yuzaga kelgan vaziyat jiddiyligini pasaytirishga urinmoqda.
"Rossiyaliklar orasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vahimaning oldini olish uchun mintaqa urush hududi deb e’lon qilinmagan", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq mazkur voqealar fonida Belarus Qurolli kuchlarining mexanizatsiyalashgan brigadalaridan birining tanklari Ukraina bilan chegarada joylashtirilgandi.
LiveBarchasi