Ukraina hududini necha yilda minalardan tozalay olishi aytildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Eng optimistik prognozlarga ko‘ra, Ukrainaga butun hududini minalardan tozalash uchun 5-7 yil kerak bo‘ladi. Bu haqda telemarafon efirida Ukraina Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Meri Akopyan ma’lum qildi, deya yozmoqda UNIAN.

“Hozir hisob-kitoblarga ko‘ra, 300 ming kvadrat kilometrga yaqin hudud ifloslangan. Bu xalqaro tajriba mavjud miqdordan o‘n barobar ko‘p. Faol jangovar harakatlarning bir kunida ishlatilgan minalarni tozalashga 30 kun ketishidan kelib chiqib, eng optimistik prognozlarga ko‘ra, minalardan tozalashni yakunlash uchun bizga 5-7 yil kerak bo‘ladi”, deydi Meri Akopyan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan buyon Ukraina hududida deyarli 114 mingta portlovchi ob’ekt zararsizlantirilgan bo‘lib, ular orasida 2 mingga yaqin aviabombalar bo‘lgan.

Shuningdek, u Ukrainaga bir qancha xorijiy jamoalar yetib kelganini va tez orada ular mamlakatning turli hududlarida ishlay boshlashini ta’kidladi.

“Xalqaro gumanitar minalardan tozalash markazi yaratildi. Ushbu markazni tashkil etishdan maqsad professional, texnik va moliyaviy yordamni jalb qilishdir. 20 ga yaqin xorijiy tashkilotlar allaqachon javob bergan va Ukrainada ishlash uchun sertifikatlangan”, deydi vazir o‘rinbosari.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

minalar Ukraina hududi

Baholaganlar

17

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar