Uxandan yashirincha qaytgan shaxs 4 ming kishiga virus yuqtirgani taxmin qilinmoqda 

Olam

image

Xitoy politsiyasi Uxanga tashrif buyurganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni sir tutib, yetti kishiga yangi turdagi koronavirusni yuqtirgan odamni qo‘lga oldi. Bu haqda “Global Times” gazetasi xabar bermoqda.

Nashrning xabar berishicha, sharqiy Fujian provinsiyasida Jinjiang okrugi fuqarosi koronavirus tarqalishining markazi Uxandan qaytgach, o‘z qishlog‘ida bir nechta ommaviy tadbirlarda ishtirok etgan va taxminan yetti kishiga virusni yuqtirgan. Xususan, 22 yanvar kuni u 3 mingga yaqin mehmon ishtirok etgan qishloq to‘yida qatnashgan.

Qo‘lga olingan kishi Uxanga tashrifini hukumat va qishloqdoshlaridan yashirib, Filippindan qaytganini ma’lum qilgan. Nashrda uning to‘y paytida virus tufayli kelib chiqqan pnevmoniya alomatlari bo‘lganmi yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan. Uning koronavirus yuqtirgani haqidagi ma’lumot 2 fevral kuni tasdiqlangan.

Qo‘lga olingan shaxs bilan aloqada bo‘lgan 4 mingdan ortiq odam karantinga olingan.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.

Virusdan halok bo‘lganlar soni 492 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 24552 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy koronavirus

Baholaganlar

2693

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing