Uxandagi shifoxonalardan koronavirusga chalingan bemorni topolmaysiz
Olam
−
27 aprel 2020
11517Yangi turdagi koronavirus infeksiyasi o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahridagi shifoxonalarda birorta ham koronavirus bilan kasallangan bemor qolmadi. Bu haqda Xitoy Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha Davlat qo‘mitasi vakili Mi Fen ma’lum qildi.
“Uxanlik shifokorlar va ularga butun mamlakat bo‘ylab yordam berayotgan tibbiyot xodimlarining umumiy sa’y-harakatlari sababli 26 aprel holatiga ko‘ra, Uxan shifoxonalaridagi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar soni nolga teng”, deydi Mi Fen.
Uxanda jami 50 333 kishi koronavirus bilan kasallangan edi. Shulardan 3869 nafari vafot etgan.
2019 yil 31 dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismidagi Uxan shahrida (Xubey provinsiyasi) kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya kasalligi avj olgani haqida xabar berdi. Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisi yangi koronavirus ekanligini aniqladilar, keyinchalik kasallik rasmiy ravishda COVID-19 deb nomlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 185 davlatida koronavirus bilan bog‘liq 2,9 milliondan ziyod holat etilgan. Shulardan 860 875 kishi sog‘aygan. 205 398 kishi esa virus qurboniga aylangan.
Bemorlar soni bo‘yicha AQSH yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda 956 292 kishida koronavirus aniqlangan. Keyingi o‘rinlarda Ispaniya (226 629), Italiya (197 675), Fransiya (161 665), Germaniya (157 120) bemorlar soni ko‘pligi bilan qayd etilgan.
Xitoyda esa bugungacha koronavirus bilan bog‘liq 83 909 ta holat qayd etilgan bo‘lib, 4 636 nafari yoki 5,5 foizi vafot etgan.78 188 kishi yoki umumiy bemorlarning 93,1 foizi sog‘lom hayotgan qaytgan. Ayni vaqtda 1085 kishi koronavirus bilan kurashmoqda.
LiveBarchasi