Uxanda tashlab ketilgan Qozog‘iston fuqarosi o‘zbekistonliklar bilan Toshkentga keldi
Olam
−
05 fevral 2020
17954O‘zbekiston Uxanda qolib ketgan qozog‘istonlik talabani evakuatsiya qildi. Bu haqda talabaning onasi Sputnik Qozog‘iston nashriga ma’lum qildi.
“Mening o‘g‘limni bugun Toshkentga olib ketishdi. U allaqachon uchib ketgan, hozir yo‘lda. Uni O‘zbekiston borti olib ketdi. Uni qayerga joylashtirishlari haqida ma’lumotga ega emasmiz, asosiysi, uni u yerdan olib ketishdi. Qolganidan hozircha xabarimiz yo‘q”, degan talabaning onasi.
Qayd etilishicha, talaba Xitoyning Uxan shahrida qolib ketgan, chunki uning vatandoshlarini evakuatsiya qilishayotganda, uning harorati ko‘tarilgan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, u keyinroq o‘zini yaxshi his qilgan va kasallik alomatlari bo‘lmagan.
Talaba qozog‘istonlik talabalar guruhini nazorat qilgan va ularga Uxandan ketish vaqtida yordam bergan. Vatanga qaytganlarning ota-onasi Prezident nomiga Uxanda qolib ketgan talabaga yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilishgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kecha, 4 fevral kuni 250 nafar, bugun, 5 fevral kuni esa 84 nafar fuqarosini Xitoydan olib kelgan edi. Xitoydan olib kelinganlar maxsus tibbiyot muassasasiga joylashtiriladi va 14 kun davomida karantinda bo‘lishadi. Ularning ota-onalari bilan uchrashishi taqiqlanadi.
Qozog‘iston joriy yilning 2 fevral kuni Uxandagi 80 nafar fuqarosini evakuatsiya qilgan edi.