O‘qituvchini urganlar qattiq jazolanadi – Komil Allamjonov
3-sahifa
−
10 iyun 2023
15096Avvalroq, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning informatika fani o‘qituvchisi o‘quvchisining yaqinlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar bergan edik. Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov mazkur holatga munosabat bildirdi.
Allamjonov o‘qituvchining kaltaklanishida ishtirok etganlarning barchasi qonuniy tartibda qattiq jazolanishini ma’lum qilgan. Shuningdek, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, hech kimning o‘qituvchini xafa qilishga haqi yo‘qligini aytgan.
“Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning informatika fani o‘qituvchisini kaltaklashda ishtirok etgan kimki bo‘lsa, ularning barchasi qonunda belgilangan tartibda qattiq jazolanadi. Bu bo‘yicha huquq-tartibot organlariga kerakli ko‘rsatmalar berildi. Vallomati bo‘lsa ham o‘qituvchini xafa qilishga xech kimning haqqi yo‘q”, deb yozadi u o‘zining Telegram kanalida.
Bundan avval Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham holat yuzasidan munosabat bildirib, vaziyat shaxsan uning nazorati ostida ekani hamda aybdorlar qilmishiga yarasha jazo olishini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchi qizning onasi tomonidan kaltaklangandi. Shuningdek, yana bir holatda Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan 213-maktabning informatika fani o‘qituvchisi o‘quvchining akalari tomonidan kaltaklangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi