Toshkentda o‘quvchisini tartibga chaqirgan o‘qituvchi do‘pposlandi
3-sahifa
−
10 iyun 2023
15795Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning informatika fani o‘qituvchisi o‘quvchisining yaqinlari tomonidan kaltaklanib, shifoxonaga tushib qoldi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi QALAMPIR.UZ ga ma’lum qildi.
Keltirilishicha, joriy yilning 8 iyun kuni informatika fani o‘qituvchisi S.B. soat 16:00 lar atrofida maktab oldidagi do‘kondan suv olib, uyiga qaytayotgan paytida shu maktabning 9-sinfida ta’lim oluvchi o‘quvchilar uni behayo so‘zlar bilan haqoratlay boshlagan. O‘qituvchi ularning oldiga borib, haqoratlagan o‘quvchini tartibga chaqirish maqsadida uni maktabga olib kirgan va u yerda o‘quvchining bo‘yin qismi orqa tomonidan ushlab, tinchlantirmoqchi bo‘lgan.
Shundan so‘ng, o‘quvchi uyiga borib, shu maktabning 10-sinfida o‘quvchi akasini chaqirib kelgan. Ular birgalikda o‘qituvchini kaltaklab, yuz qismiga jarohat yetkazgan. Keyinroq ularning ota-onasi ham voqeadan xabar topib, maktabga kelgan hamda o‘qituvchini haqoratlab, maktab mulki bo‘lgan eshik va derazalarni sindirgan.
Jarohatlangan o‘qituvchi hamkasblari tomonidan tez yordam chaqirtirilib, shahardagi 16-sonli shifoxonaga olib ketilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham bunga munosabat bildirib, holatni shaxsan o‘zi nazoratga olgani va aybdorlar qilmishiga yarasha jazo olishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchi qizning onasi tomonidan kaltaklangandi. Shuningdek, yana bir holatda Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan 213-maktabning informatika fani o‘qituvchisi o‘quvchining akalari tomonidan kaltaklangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi