UEFA Isroilni musobaqalardan chetlatishga yaqin – OAV

Sport

image

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Isroilni xalqaro musobaqalardan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Biroq UEFA’ning ushbu masala bo‘yicha ehtimoliy qarori 2026 yilgi Jahon chempionati saralashiga taalluqli bo‘lmaydi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Isroilni chetlatish qarori amalga oshsa, mamlakatning erkaklar va ayollar terma jamoalari Millatlar ligasida, Tel-Avivning “Makkabi” klubi esa Yevropa ligasida ishtirok eta olmaydi. Shu bilan birga, Jahon chempionati saralash o‘yinlari FIFA vakolatiga kirgani sababli, Isroilning qatnashish huquqi saqlanib qolishi mumkin.

“Isroilni Jahon chempionati saralashidan chiqarib tashlash bir tomonlama qaror bo‘lib, siyosiy jihatdan murakkab oqibatlarga olib keladi. AQSH Davlat departamenti ham FIFA va UEFA’ga bosim o‘tkazib, Isroilni chetlashtirish harakatlariga qarshi chiqishini bildirgan”, deyiladi xabarda.

Norvegiya va Italiya terma jamoalari kelasi hafta Isroilga qarshi saralash o‘yinini o‘tkazishi kerak. Biroq Norvegiyadagi Xalqaro Amnistiya tashkiloti UEFA’ga bosimni kuchaytirishga chaqirmoqda. Italiyada esa G‘azodagi voqealarga qarshi umumiy ish tashlash o‘tkazilgan.

Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Gabriele Gravina Isroilni turnirdan chiqarish faqat nazariy jihatdan unga foyda keltirishi mumkinligini aytgan. Norvegiya Futbol federatsiyasi prezidenti Lise Klaveness esa Isroilni taqiqlash tarafdori ekanini bildirdi, ammo boykot qilishni qo‘llab-quvvatlamasligini qo‘shimcha qilgan.

UEFA prezidenti Aleksander Cheferin tashabbusi bilan tashkilot bu masala bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda. Qaror oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Manbalarga ko‘ra, ijroiya qo‘mitasida qarorga qarshi chiqadiganlar soni juda kam bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, UEFA taqiq kuchga kirgan taqdirda ham Isroilning Jahon chempionati saralashidagi o‘yinlarini tashkil qilish, jumladan, hakamlar, xavfsizlik va boshqa texnik ishlarni ta’minlash uchun javobgar bo‘lib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroilni futbol bo‘yicha Jahon chempionatidan chetlashtirishga qarshi chiqayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil FIFA UEFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing