Tramp Isroilni mundialdan chetlatishga qarshi chiqmoqchi
Sport
−
25 Sentabr 2025 3858 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroilni futbol bo‘yicha Jahon chempionatidan chetlashtirishga qarshi chiqmoqchi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, Tramp ma’muriyati FIFA’ning Isroilni xalqaro futbol musobaqalaridan chetlatishiga yo‘l qo‘ymaslik ustida ishlaydi. Xususan, ular Isroil terma jamoasining 2026 yilgi mundialda qatnashishini kafolatlashga harakat qiladi.
Bungacha BMT ekspertlari G‘azo bilan bog‘liq vaziyat tufayli butun dunyo va Yevropadagi futbol organlariga Isroil jamoalarining ishtirokini to‘xtatishni tavsiya qilgan edi. FIFA esa maxsus ma’ruzachilarga javob bermagan. Shunga qaramay, Isroil futbolchilari Jahon chempionatida qatnashish huquqi uchun kurashni davom ettirmoqda.
“Biz Isroil milliy terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirokini taqiqlash bo‘yicha har qanday urinishlarga qat’iy qarshi chiqamiz”, deydi AQSH Davlat departamenti vakili “Sky News” bilan suhbatda.
Manbalarga ko‘ra, AQSH hukumati sport sanksiyalarining joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ushbu masalaga allaqachon aralashgan.
Oldinroq, UEFA Isroilni xalqaro musobaqalardan chetlatish masalasini ham ko‘rib chiqqan, biroq yakunda qaror isroilliklar foydasiga chiqarilgan. “Israel Hayom” nashriga ko‘ra, bu qarorga AQSHning bosimi ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ham G‘azoda davom etayotgan mojaro sababli Isroilni xalqaro sport musobaqalaridan chetlatishga chaqirgan edi. Shuningdek, Ispaniya Kongressi a’zosi Patxi Lopes agar Isroil terma jamoasi saralashdan o‘tsa, Ispaniya 2026 yilgi Jahon chempionatida qatnashmasligi mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi